22 sentabr kuni RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabi raketa zarbasiga yo‘liqdi, deb xabar berdi anneksiya qilingan Sevastopol rahbari Mixail Razvojayev. U raketa zarbasida Ukraina qurolli kuchlarini ayblagan. Zarbadan keyin shtab binosida yong‘in boshlangan. Mahalliy aholi shaharda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagani haqida xabar bergan. RF mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari jami beshta raketani urib tushirgan. Razvojayevning so‘zlariga ko‘ra, urib tushirilgan raketa parchalaridan biri Naximov prospektidagi Lunacharskiy teatri atrofiga tushgan. TASS yozishicha, parchalar yuzlab metrga sochilib ketgan.

Sevastopol rahbari avvaliga takroriy raketa zarbasi bo‘lishi mumkinligini aytgandi, ammo soat 14:15 atrofida raketa va aviatsiya xavfi ariganini ma’lum qildi. Razvojayev aholidan shahar markaziga kelishdan tiyilishni so‘ragan.

Qora dengiz floti shtabi binosi jiddiy shikastlangan. Voqea joyida olingan fotosuratlarda ko‘rish mumkinki, shtab binosi tomi va kamida yuqori qavatlardan kamida bittasi vayron bo‘lgan. Mixail Razvojayev flot shtabi atrofidagi infratuzilmalar shikastlanmagani, ko‘chada bo‘lgan odamlar jabrlanmaganini aytgan. «Hatto deraza oynalari sinishi qayd etilmagan», — degan Sevastopol rahbari.

RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, raketa zarbasi oqibatida rossiyalik bir harbiy bedarak yo‘qolgan. Vazirlik hujumda «Kiyev rejimi»ni ayblagan. «Hujum oqibatida Qora dengiz floti shtabining tarixiy binosi shikastlangan», — deyilgan idora xabarida. «112» va Shot telegram-kanallari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi jarohatlanganini yozgan. Boshqa manbalar hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan. Anneksiya qilingan Sevastopol sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanganlar haqidagi ma’lumot bo‘yicha izoh bermagan. Guvohlarning aytishicha, voqea joyiga kamida o‘nta tez yordam mashinasi yetib kelgandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, RF Qora dengiz floti shtabiga Storm Shadow qanotli raketasi kelib urilgan, deb xabar beradi Mash va Shot telegram-kanallari. Mash ma’lumotiga ko‘ra, Sevastopol bo‘ylab raketa hujumi vaqtida Qora dengiz osmonida AQSh harbiy-havo kuchlarining Boeing P-8A «Poseydon» razvedka samolyoti harakatlangan va katta ehtimol bilan aynan shu samolyotdan turib Ukraina qurolli kuchlari harakatlari muvofiqlashtirilgan.