Ukraina
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga «40 kunlik ta’sir operatsiyasi» o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu amaliyotdan maqsad – Kremlni urushni to‘xtatishga undash. Amaliyotni Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) o‘tkazishi belgilangan, mamlakat yetakchisi boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
Zelenskiy bu haqda UXX rahbari Yevgeniy Xmara bilan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi – bu uchrashuvda prezidentga «Ukrainaning uzoq masofali va o‘rta masofali sanksiyalari rejasi, shuningdek „Alfa“ maxsus amaliyotlar markazining frontdagi natijalari» yuzasidan hisobot berilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, UXX «turlicha dronlardan foydalanish hisobiga Ukrainaning frontdagi pozitsiyalarini himoya qilishda eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega», «Alfa» markazi esa – RF qo‘shinlarining «shaxsiy tarkibi va texnikalarini yo‘q qilishdagi natijalar bo‘yicha yetakchi» hisoblanadi.
UXX – dronlar yordamida Rossiya regionlaridagi sanoat korxonalari va neft obektlariga zarba berib kelayotgan idoralardan biri hisoblanadi. Neftni qayta ishlash zavodlari hamda neft bazalari bo‘ylab yo‘llanayotgan bunday zarbalar fonida mamlakatda yoqilg‘i inqirozi boshlangan. Rossiyaning 20 dan ortiq regionida mahalliy rasmiylar yoqilg‘i sotuviga cheklovlar joriy etgan.
Nafaqat Ukrainadagilar, balki Yevropadagilar ham Rossiyani tinchlik muzokaralariga qaytishga chaqirishmoqda. Vladimir Putin bir necha bor Rossiya o‘zi ilgari surayotgan shartlar asosida Ukraina bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini, Zelenskiy u bilan shaxsan uchrashmoqchi bo‘lsa, Moskvaga kelishi mumkinligini aytgan. O‘z navbatida, Rossiyaning shartlari Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmaydigan talablar hisoblanadi.
Ukraina nashrlari manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ham Rossiyaga harbiy bosim o‘tkazishni yoqlamoqda. U 2025 yil yanvarida AQSh prezidentligiga qaytganidan beri Vashington Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilishga va ularni yarashtirishga harakat qilmoqda.
«RBK-Ukraina» suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp Rossiyani Ukrainaning harbiy bosimi orqali «real diplomatiya»ga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi. Kyiv Independent nashri yozishicha, Tramp o‘zaro suhbatda Zelenskiyni Rossiyaga nisbatan «qat’iyroq» harakatlanishga chaqirgan, u «Putin bosim o‘tkazilmasa, nimadir qilishiga ishonmaydi».
Rossiya
26 iyunga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya regionlari bo‘ylab navbatdagi marta yopirilma zarba yo‘lladi. RF mudofaa vazirligi hisobotiga ko‘ra, tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning 660 ta dronini to‘xtatgan va urib tushirgan. «Agenstvo» qayd etishicha, bu tunda dronlar orqali Rossiyaning front orti hududlariga amalga oshirilgan eng yirik hujum bo‘ldi.























