ARSeNAL – TOTTeNHEM (24 sentabr, 18:00)

London derbisi bu safar nafaqat o‘zaro munosabatlar va murosasizlik, balki turnir nuqtai nazaridan ham markaziy uchrashuvga aylanishi shubhasiz. Har ikkisi ham bir xil – 13tadan ochko to‘plab, «Manchester Siti»ni ta’qib qilib borishmoqda va bu yo‘lda davom etish uchun ushbu uchrashuvda ochko yo‘qotmaslik shart.

Qizig‘i, mavsum endi boshlangan bo‘lsa-da, har ikki klub jamoa sifatida har tomonlama o‘zini ko‘rsatib ulgurdi, turli ssenariydagi, turli sharoitdagi o‘yinlarda qatnashdi. Har ikki jamoada o‘rtamiyona klub bilan golli duranglar, kambeklar, so‘nggi daqiqalardagi, hamda yirik g‘alabalar ham bo‘lib ulgurdi. Ya’ni futbolchilar ana shunday turli uslub va ssenariylardagi o‘yinlar tufayli, ham ruhiy, ham jismoniy tomondan mavsumning avjiga tayyor, deb bemalol aytish mumkin. Bu faktor esa o‘yinni har jihatdan qiziqarli qilishiga va hatto jamoalar ochiq uslubga o‘tib ketishlari uchun sharoit yaratadi, albatta.

Foto: Getty images

Ikki yil oldin «Tottenhem» so‘nggi turlarda, o‘zaro o‘yindagi yirik g‘alaba tufayli «Arsenal»ni beshinchi o‘rinda qoldirib ketgandi. O‘tgan yili esa har ikki o‘yinda «qizillar»ning qo‘li baland keldi, «Tottenhem» ancha muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazdi. Umuman so‘nggi o‘n yillikni oladigan bo‘lsak ham, o‘zaro o‘yinlarda kuchlar deyarli teng, har ikki tomonda sakkiztadan g‘alaba va olti durang mavjud. Aynan APL doirasidagi o‘yinlarni olsak, mehmonlar uchun uncha yaxshi bo‘lmagan seriya bor – «Tottenhem» bu stadionda oxirgi marta 2010 yilning noyabrida g‘alaba qozongan. O‘sha o‘yinda gollarni Samir Nasri, Rafael van der Vart hamda Garet Beyl urganini, maydonda Arshavin, Modrich, Fabregas va Gallaslar harakat qilganini eslasak, bu voqeaga juda ko‘p bo‘lganini tasavvur qilishingiz oson.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Arsenal»da sezilarli yo‘qotish – Gabriyel Martinellining jarohatidir. U «Everton»ga qarshi o‘yinning boshlarida maydonni tark etgandi. Lekin yana bir jihat, uning o‘rnida harakat qilayotgan Leandro Trossar o‘ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanmoqda va keyingi har ikki o‘yinda ham gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Martinellidan tashqari, Tomas Parti ham taxminan yana bir oy sheriklariga yordam bera olmasa kerak. Mehmonlar safida esa yangi jarohatlar yo‘q. Faqat «Sheffild»ga qarshi kambek sababchilaridan biri bo‘lmish tajribali Ivan Perishich uzoq muddatga safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. So‘nggi o‘yinlarda u asosiy tarkibda harakat qilmayotgan bo‘lsa-da, o‘yin davomida jamoani kuchaytirish va murabbiyga turli rejalarni tuzishda juda foydali ijrochilardan biri edi.