Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

22 sentabr kuni RF Qora dengiz flotining Sevastopol shahridagi shtabiga raketa zarbasi berilishi oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lib, 16 kishi yaralangan, deb tasdiqlamoqda Ukraina razvedkasi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov. Bu haqda u «Amerika ovozi» ukrain xizmatiga bergan izohida ma’lum qilgan. Bu ma’lumot mustaqil manba tomonidan tasdiqlanmagan. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, bu to‘liq ma’lumot emas — bu raqamlar shtabda ishlamagan holda shu vaqtda binoda bo‘lgan harbiylar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi.

Yaralanganlar orasida kamida ikki nafari Rossiya generallari, degan Ukraina razvedkasi boshlig‘i. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Zaporijjya yo‘nalishidagi guruhi qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Romanchuk «juda og‘ir ahvolda», shtab boshlig‘i general-leytenant Oleg Tsekov — «hushsiz holatda». Budanov razvedkadagilar RF Qora dengiz floti qo‘mondoni, admiral Viktor Sokolov qanday holatda ekani haqida ma’lumotga ega emas, shu tufayli uning o‘limi to‘g‘risida telegram-kanallarda tarqalgan ma’lumotni tasdiqlay olmaydi.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabidagilar ma’lum qilishicha, ukrain armiyasi RF Qora dengiz floti rahbariyati yig‘ilish o‘tkazayotgan mahalda zarba yo‘llagan. Ukrain harbiylari xabar qilishicha, «Qisqichbaqa tuzog‘i» nomli amaliyot Ukraina QK havo kuchlari va Maxsus amaliyot kuchlari hamkorligida o‘tkazilgan. «[Amaliyot] o‘tkazilishi detallari bu mumkin bo‘lganida oshkor etiladi, natija esa — o‘nlab qurbon bo‘lgan va yaralangan okkupantlardan iborat, ular orasida flot rahbariyati tarkibiga kirganlar ham bor», — deyilgan Bosh shtabda.

Rossiya hozircha bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan va rad ham etmagan. Juma kuni Rossiya mudofaa vazirligi dastlab raketa hujumi oqibatida bir harbiy xizmatchi halok bo‘lganini xabar qilgandi, keyinroq bayonot o‘zgartirib qo‘yildi: u halok bo‘lmagani, balki bedarak yo‘qolgani ma’lum qilingan. Shuningdek, Rossiya harbiy idorasidagilar Qora dengiz floti shtabining tarixiy binosi jiddiy shikastlanganini tasdiqlagan. Rossiya tomoni shundan keyin shtab bo‘ylab raketa zarbasi to‘g‘risida xabar bermay qo‘ydi. Rossiya federal kanallari ham Sevastopoldagi flot shtabi raketa zarbasi shikastlangani to‘g‘risida xabar berishni to‘xtatgan.

Planet Labs kompaniyasi Sevastopol ustida 2023 yil 22 sentabrida olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirini namoyish etgan. Unda RF Qora dengiz floti shtabiga yo‘llangan raketa zarbasidan keyin shahar bo‘ylab tutun ko‘tarilgani aks etgan.