24 sentabr kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 14 ta sport turi bo‘yicha bahslarda qatnashib, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.

Akademik eshkak eshish

O‘zbekistonliklar uchun ilk medal «Pochin» akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova hisobiga yozildi. Bu juftlik final dasturida marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yengil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Navbatdagi medal akademik eshkak eshishning M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev va Mehrojbek Mamatqulov tomonidan qo‘lga kiritildi - kumush.

Kunning to‘rtinchi medali ham eshkakchilar jamoasi tomonidan olib kelindi - M2- dasturida qatnashgan akademik eshkak eshuvchilar Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyev marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tib, delegatsiya hisobiga uchinchi kumush medalni qo‘shib qo‘yishdi.

Ammo so‘nggi dasturda 8 kishilik ekipaj marra chizig‘iga to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi va jamoa navbatdagi medaldan quruq qoldi.

Stol tennisi

O‘zbekistonlik stol tennischilari pley-off bosqichidagi yurishini chorakfinal ostonasida tugatdi. Viyetnamga qarshi bahs olib borgan Marhabo Magdiyeva, Rozalina Xadjayeva hamda Asel Erkebayevadan iborat jamoa 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.