Rossiya hukumati benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolangan qarorda keltirib o‘tilgan.
Eksport taqiqi “ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish va iste’molchilar uchun narxlarni pasaytirish” bilan izohlangan.
Vaqtinchalik cheklov 21 sentabrdan kuchga kirgan, uning amal qilish muddati qarorda ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, taqiq birja auksionlarida sotib olingan yoqilg‘iga ham tegishli ekani alohida belgilab qo‘yilgan.
Vaqtinchalik taqiq quyidagi hollardagi yetkazib berishga taalluqli emas:
- YeOII mamlakatlariga (Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston va Qozog‘iston);
- Abxaziya va Janubiy Osetiyaga;
- hukumatlararo kelishuvlar doirasida;
- xorijiy davlatlar hududida bo‘lgan Rossiya qo‘shinlari faoliyatini ta’minlash maqsadida.
Ekspertlarning fikricha, cheklov rublning qadrsizlanishi fonida eksportdan tushadigan valuta tushumlarining qisqarishi tarzidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu xorijga mahsulot sotish bilan shug‘ullanuvchi neftni qayta ishlash korxonalariga eng ko‘p zarar yetkazadi.
Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda 892,1 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda (768,8 ming tonna) 23,3 foizga ko‘p.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda benzin asosan Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi (shuningdek, Oltiariqda ham NQZ bor).
Rasmiy statistikada ko‘rsatilishicha, 2023 yilning dastlabki 8 oyida respublikaga neft va neft mahsulotlarining importi 48 foizga ko‘payib, 1 mlrd 98 mln dollarni, eksporti esa 86,5 foizga oshib, 175,5 mln dollarni tashkil qilgan.









