Jahon | 13:45 / 29.09.2023
10338
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov: Rossiya AQSh va NATO harbiy infratuzilmasi Afg‘onistonga qaytishini qabul qilmaydi

Qozonda «Tolibon» harakati vakillari ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlarning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: RIA Novosti

Rossiya mintaqadan tashqari o‘yinchilarning Afg‘onistondagi faoliyatini faollashtirishga urinishlaridan xavotirda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlar ishtirokchilariga murojaatida aytib o‘tildi, uni yig‘ilishda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov o‘qib eshittirdi.

Mintaqa davlatlarining sa’y-harakatlarini NATO blokiga a’zo davlatlar bilan to‘laqonli birlashtirish, Lavrov ta’kidlaganidek, «agar ikkinchisi o‘zining butunlay fiasko bilan yakunlangan Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy mavjudligi ayanchli natijalari uchun barcha mas’uliyatni to‘liq tan olgan taqdirdagina mumkin».

«Afg‘on xalqiga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazgan G‘arb davlatlari mojarodan keyin mamlakatni qayta qurish yukini ko‘tarishi kerak. Shu nuqtai nazardan, Vashingtonning afg‘on bank holdinglarini bloklashi teskari samara beradi va vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, oddiy afg‘onlarning shusiz ham og‘ir turmush sharoitini murakkablashtiradi», — dedi Rossiya diplomatiyasi rahbari.

Shu bilan birga, Lavrov AQSh va NATO harbiy infratuzilmasining Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarga qaytarilishi Rossiya uchun nomaqbul ekanligini ma’lum qildi.

«Biz har qanday sharoitda ham AQSh va NATO harbiy infratuzilmasini Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlar hududiga qaytarishni, ular qanday bahonalar bilan oqlanishidan qat’i nazar qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Biz bu masalada ayniqsa hushyor bo‘lamiz va Moskva formatidagi barcha hamkorlarni ham shunday qilishga chaqiramiz», — deyiladi TIV rahbari xabarida.

Qozonda Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlarning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuvda ishtirok etish uchun Qozonga «Tolibon» harakati vakillari va boshqalar yetib keldi. Forumda, shuningdek, Tatariston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanov, Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha 2-departamenti direktori Zamir Kabulov, Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Qatar, Xitoy, BAA va Turkiya delegatsiyalari ishtirok etmoqda.

Moskva formati 2017 yilda Rossiya, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Xitoy va Pokiston maxsus vakillari o‘rtasida olti tomonlama maslahatlashuv mexanizmi asosida yaratilgan. Birinchi uchrashuv 2017 yilning 14 aprelida 11 davlat, jumladan, Afg‘oniston tomoni vazir o‘rinbosarlari va maxsus vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan edi. 

Avvalgi, to‘rtinchi uchrashuv 2022 yil noyabr oyida Moskvada toliblar ishtirokisiz o‘tkazilgan. 

Mavzuga oid