O‘tgan hafta oxirlarida Kosovo-Serbiya munosabatlari doimiy ziddiyatdan yuqoriroq darajaga ko‘tarildi. Shu asosda, Kun.uz tarixiy, etnik va diniy omillar sabab chigallashib ketgan Bolqondagi vaziyatni sharhlash uchun ekspertlarni “Geosiyosat” dasturiga taklif qildi.

Suhbatdoshlarimiz – siyosatshunoslar Farhod Karimov va Jahongir Akramov bo‘ldi.

— Bolqonda besh fasl bor deyishadi, ya’ni – bahor, yoz, kuz, qish va urush fasli. Bu mintaqa nega doim qaynab turgan qozondek? Sobiq Yugoslaviya tarkibiga kirgan Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi konfliktning asl ildizlari qayerda?

Farhod Karimov: Bu yerda masala ikkinchi jahon urushidan keyingi va sovet ittifoqi parchalanishidan keyingi davr bilan bog‘liq. Sovuq urush boshlanib, dunyo ikkiga bo‘lingach, sotsialistik va kapitalistik bloklar nazorat qiluvchi hududlar bor edi. Ikki qutb foni ostida etnik, hududiy va boshqa muammolar ko‘tarilmasdi, bosimla ushlab turilar edi. O‘sha joylarda mojaro bo‘lishi markazlar manfaatiga to‘g‘ri kelmasdi.

1991 yildan keyin qutblar yo‘qoldi. Sotsialistik blok ta’sirida bo‘lgan hududlarda tarixan mavjud bo‘lib, lekin 1945 yildan keyin fon ortida yo‘qolgan muammolar yuzaga chiqa boshladi. Shunday muammolarlan biri Yugoslaviya, Serbiya, Albaniya, Kosovo muammolari. Bu yerda millatlar identifikatsiyasi, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash masalalari ko‘tarildi. Sobiq ittifoq parchalangach, uning ta’sirida bo‘lgan hududlarda ham shunday muammolar chiqa boshladi. Shimoliy Afrika va Sharqiy Yevropa shunday muammolar ko‘rina boshladi. 1999 yilda Yugoslaviyada parchalanish boshlandi, NATO qo‘shinlari kirdi, milliy-etnik muammolar boshlandi. Kosovo muammolari paydo bo‘ldi, Kosovoda Serbiya tarkibidagi alban musulmonlar yashardi. Usmoniylar imperiyasi davrida musulmonlar ko‘chirib kelingan. Albanlar hozir serblardan ko‘p, 95 foizgacha yetdi. O‘zi serblar Yugoslaviya parchalanishiga ham qarshi edi, keyinchalik Kosovo ajralib chiqishiga ham qarshi bo‘lishdi. Lekin dunyo hamjamiyati, AQSh kabi davlatlar yordamida Kosovo davlati tashkil topdi.

1999 yildagi va hozirgi Kosovo muammosi farq qiladi. O‘sha payt faqat Kosovo muammosi edi, endi ular bilishadiki Kosovoni 90 dan ortiq davlat tan oldi, endi qaytarib bo‘lmaydi. Shuning uchun Kosovo shimolida joylashgan serblar masalasi ko‘tarilyapti. Kosovodagi serblar ham mustaqil bo‘lishga haqli degan masala ko‘tarilyapti.

Jahongir Akramov: Albanlar 2 ming yil ilgari Bolqonga kirgan illeriyaliklarning avlodi hisoblanadi. Slavyanlarning Bolqonga kirib kelishi esa 6-asrga borib taqaladi. Bu ikki xalq asrlar davomida konflikt ichida bo‘lgan. 14-asr oxiridagi Kosovo jangida Boyazid Yeldirim serblarning yirik kuchini yengadi va Serbiya mustaqilligini yo‘qotadi. Kosovo jangi serblar uchun muhim ahamiyatga ega, shuning uchun ular Kosovoni tarixiy motiv deb bilishadi. Usmoniylar imperiyasi davrida albanlar musulmonlashib bordi va turklar Bolqonni ushlab turish uchun musulmon bo‘lgan albanlardan foydalanishga harakat qildi.