«Tokmak — minimum maqsad», — dedi o‘tgan oy oxirida CNN uchun bergan intervyusida ukrainalik general, «Tavriya» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maksimum maqsad — Ukrainaning 1991 yilgi chegaralariga chiqish hisoblanadi.

Ukrainalik yuqori martabali harbiy mulozimlar qarshi hujum boshlanishidan oldinroq 1991 yilgi chegaralarga qaytishni qarshi hujumning asosiy va erishish mumkin bo‘lgan maqsadi deb atashgandi. Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov ukrain harbiylari hatto 2023 yil bahoridayoq Qrimga kirishi mumkinligini prognoz qilgandi.

Keyinchalik ukrainlar o‘z yurishidan kutilmalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi. Jumladan, yoz-kuz kampaniyasi yakunigacha Rossiya armiyasining quruqlik yo‘lagini uzib qo‘yish uchun Azov dengizi sohillariga yetib borish yaxshi yutuq bo‘lishini aytishdi. Ammo keyingi oylarda bu kichikroq maqsadga erishilishi ham dargumon.

Ukraina hukumati yurish amaliyoti rejalashtirilganidek tezkor sur’atlarda ketmayotganini tan oladi.

Va, aftidan, endilikda Tokmakning ozod etilishi yurishning birinchi bosqichidagi maqsad deb hisoblanmoqda.

Bu shahar ozod etilishi yurish amaliyoti uchun qanchalik muhim, uni qanday ozod etish mumkin va nima uchun bu «minimum vazifa»ni uddalash ham juda qiyin bo‘lishi mumkin?

Oson bo‘lmagan vazifa

Avgust oyi oxirida ukrainlar Zaporijjya oblastining Rabotine posyolkasini ozod etgandi va 20 km masofadagi Tokmak tomon yurish boshlagandi

Ukraina qurolli kuchlari hatto bu «minimum»ga erishish uchun ham katta ishni bajarishi kerak. Hozirda ukrain jangchilari Tokmakdan 16-18 km masofada, rossiyaliklarning «Surovikin liniyasi» deb ataluvchi asosiy mudofaa chizig‘ini kesib o‘tishmoqda.

Covetlar harbiy terminologiyasiga ko‘ra «predpole» (asosiy mudofaa pozitsiyasidan oldinroqda mustahkamlangan uchastka) deb atalgan birinchi polosani ukrain armiyasi avgust oyi oxirida Robotine va Verbove qishloqlari orasida yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgandi.

Shu bilan birga, Ukraina harbiylari bir vaqtning o‘zida bir necha muammoni hal qilishiga to‘g‘ri keladi.

Birinchidan, ular rossiyaliklar mudofaasini Novoprokopivka janubi-sharqida va Verbovedan g‘arbda yorib o‘tib, Ocheretovate yo‘nalishida harakatlanishda davom etishi kerak. Shuningdek, raqib mudofaasiga kirib borayotgan «xanjar»ni kengaytirish va qanotlar xavfsizligini ta’minlash ham muhim.