O‘zbekiston | 10:58 / 05.10.2023
8608
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiya bilan birgalikda Strategik rivojlanish markazi ochadi

2024 yilda kichik biznesni rivojlantirish amaliyotini joriy etish bo‘yicha yangi platformani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma strategik rivojlanish markazini tashkil etish niyatida. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvachga tayanib, TASS xabar bermoqda.

Rasmiy yangi tashabbus haqida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlari yig‘ilishida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday markazning ochilishi ikki tomonlama sarmoyaviy va savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

«O‘ylaymanki, yaqin kelajakda, balki hukumatlararo komissiya doirasida biz ushbu markazni shakllantirish, uni qonuniy rasmiylashtirish va kelasi yildan (2024 yildan) foydalanishga topshirish imkonini beradigan hujjatlar, memorandumni imzolaymiz». - dedi Volvach.

Rossiya hukumati boshqa davlatlar bilan ham shunday markazlar yaratish amaliyotiga ega, dedi vazir o‘rinbosari. Ular «kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun eng yaxshi investitsiya amaliyotini tatbiq etish» uchun loyiha ofislari sifatida ishlaydi.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida ishbilarmonlar kengashlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Volvach O‘zbekistonda Tataristonning «Kama» kompaniyasiga qarashli «Atom» elektromobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida ham gapirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid