Yangi Zelandiyadan velosipedda yo‘lga chiqqan fransiyalik yoshlar O‘zbekistonga keldi. Ular dunyo kezib, odamlarning global suv muammosidan xabardorligini oshirishni niyat qilgan. Jamoa turli mamlakatlarda bolalar uchun maktablarda suv filtrlari o‘rnatib, hojatxonalar qurib berdi. Ular Kun.uz bilan suhbatda velosipedda sayohat qanday ekani, yo‘lda ko‘rgan kechirganlari, O‘zbekiston va dunyodagi suv muammolari haqida gapirdi.

Suv uchun dunyoni velosipedda kezish

Bu fransiyalik to‘rtovlon yaqindagina o‘qishni tamomlab, birga dunyo kezib, odamlarga suv haqida ma’ruzalar qilish, ularning e’tiborini suv muammolariga qaratishga oid loyihani boshlashga qaror qilgan.

Jamoa a’zolari – Petronil Sartario, Vilyam Pradiye, Ugo Dodigiye, Sezar de Guvil.

Ular sayohatini 2022 yilning noyabr oyida Yangi Zelandiyadan boshlagan. Jamoa 20 ta davlatni kezib, safarni 2024 yil fevral oyida Fransiyada tugatmoqchi.

Sentyabrda Toshkentga kelgan fransuzlar uchun O‘zbekiston 11-davlat bo‘ldi. Bungacha ular Yangi Zelandiya, Avstraliya, Indoneziya, Singapur, Malayziya, Vetnam, Kambodja, Laos, Hindiston va Qozog‘istonda bo‘lgan.

Shu paytgacha 8000 kilometr masofani bosib o‘tishgan, safar so‘ngida umumiy masofa 20 ming kilometr bo‘ladi.

“Bir umr esda qoladigan ish boshlashga qaror qildik” – Vilyam

Biz bolalikdan yaqin do‘stlarmiz, shu sababli jamoa bo‘lib nimadir qilishni xohlagandik. Hayotimizni katta ahamiyatga ega va butun umrimiz davomida yodda qoladigan narsalar bilan boshlash biz uchun muhim edi. Dunyo bo‘ylab velosipedda sayohat qilish shu maqsadimizni amalga oshirishning ajoyib yo‘li ekanini tushundik. Suv muammosi kundan kunga dolzarb bo‘lib bormoqda. Biz odamlarga suv barcha narsaning markazida turishini tushunishda yordam berishimiz kerak deb o‘yladik. Shunday qilib o‘zimiz uchun shaxsiy yutuq va odamlarga foyda bo‘ladigan g‘oyani birlashtirdik.

Bu loyiha ustida 1 yil ishladik. Bu vaqt ichida homiylar topdik va ular bilan muzokaralar olib bordik, Yangi Zelandiyadan to Fransiyagacha bo‘lgan butun safarni rejalashtirdik. Loyihamizning sayohat qismi esa 15 oy davom etadi.