18:20 / 07.10.2023
5539

Toshkent xalqaro kinofestivali yopilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

6 oktyabr kuni «Renessans» kino uyida XV Toshkent xalqaro kinofestivali yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda kinofestivalni o‘tkazishda tashabbus ko‘rsatgan vazirlik va idoralar, Kinematografiya agentligi va tizim tashkilotlari xodimlari, kinoijodkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

29 sentabrdan 2 oktyabrgacha o‘tkazilgan «Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivaliga AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya va boshqa 50 dan ortiq davlatdan 300 dan ortiq san’at va madaniyat vakillari tashrif buyurdi.

Ular orasida Oskar, Oltin globus va Bafta mukofotlari sovrindori Kevin Speysi, Kann va Venetsiya kinofestivallari sovrindori Kshishtof Zanussi, Kann, Berlin va Venetsiya kinofestivallari sovrindori Emir Kusturitsa, Venetsiya kinofestivali, Nika, «TEFI» mukofotlari sovrindori Aleksandr Sokurov, «Nika», «TEFI» mukofotlari sovrindori Vladimir Xotinenko, «Taksi» filmlari bilan tanilgan fransuz aktyorlari Frederik Difental va Sami Naseri kabi jahonning mashhur kino yulduzlari hamda ijodkorlari ishtirok etishdi.

Kinofestivalning ta’lim qismi doirasida olti ming nafar kino san’ati ixlosmandlari uchun 50 ga yaqin mahorat saboqlari o‘tkazildi. Shuningdek, Toshkent kinofestivalining 65 yilligi, Xudoybergan Devonov tomonidan suratga olingan ilk hujjatli filmning 115 yilligi, O‘zbekistondagi afsonaviy kino dublyaj maktabi tashkil etilganining 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar ham festival tarkibida tashkil etildi.

Kinofestival dasturi doirasida milliy kino san’atining nufuzli namoyandalari – Nabi G‘aniyev, Komil Yormatov, Malik Qayumov, Baken Kedikeyevaning yubileylari, shuningdek, Urganch shahrida Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatr ochilishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Turli mamlakatlar kino maktablari o‘quvchilari uchun “Kino 5 kunda” tanlov dasturi, “Markaziy Osiyo mamlakatlari tanlovi” va “Milliy kino tanlovi” g‘oliblari munosib taqdirlandi.

Matbuot anjumani yakunida festival tashkilotchilari OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Top