Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Qora dengiz floti Sevastopoldan ketishi va Qrimdagi Ukraina bayrog‘i

O‘tgan haftaning asosiy voqeasi, Ukrainaning ulkan g‘alabasi — RF Qora dengiz floti asosiy harbiy kemalari guruhining Sevastopoldan chiqarilgani bo‘ldi. Mustaqil harbiy tahlilchilar va Rossiyaning harbiylashgan telegram kanallari flotning jangovar yadrosi Feodosiya va Novorossiyskdagi portlarga ko‘chirilganini ta’kidlashdi. Guruhning asosiy qismi Novorossiyskka ko‘chdi: 11356 loyihasining ikki fregati («Admiral Essen» va «Admiral Makarov»), uchta dizelli suv osti kemasi, beshta katta desant kemalari va bir necha kichik raketa kemalari.

Flotning bir qismini Abxaziyaning Ochamchiri buxtasida joylashtirish borasida muzokaralar olib borilmoqda. Bu yerga Ukraina QKga Yevropa tomonidan yetkazib berilgan raketalar va o‘zlari ishlab chiqargan pilotsiz dronlar yetib borishi qiyin.

Bu hol «Kalibr» raketalarining uchish masofasini uzaytiradi va Rossiya desantlarining kutilmaganda Ukrainaning Qora dengiz sohillariga tushirilishini to‘liq soqit qiladi. RF Qora dengiz flotining dengizning g‘arbiy sohillari yoqalab Ukraina portlariga yo‘l olayotgan kemalarni nazorat imkoniyatlari ham keskin qisqaradi. Portdan olib ketilgan kemalarning radarlari, raketalari va qo‘shog‘iz pulemyotlarisiz Sevastopolning havo hujumidan mudofaa tizimi ham kuchsizlanadi.

Qora dengiz floti kuchsizlanishi Ukraina diversiya guruhlarining ortgan imkoniyatlarida ham o‘z aksini topadi, ular ayni damda Odessa oblastining janubiy qismi va Qora dengizning shimoliy-g‘arbiy qismidan meteorologik yordam, Zmeiniy orolidagi va orolning janubidan boshlab Qrim sohillarigacha o‘rnatilgan «Boyko minoralari»da yo‘naltiruvchi tizimlar yordamida Qrimning g‘arbiy qismiga (eng avvalo Tarxankut yarimoroliga) suzib o‘tish imkoniyatiga ega.

4 oktyabr kuni Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi bo‘linmasi jangchilari urush davrida ilk bor 5 ta suv mototsikllari va katerlarda nisbatan ko‘psonli guruh bilan qirg‘oqqa tushishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular Ukraina bayrog‘ini o‘rnatib, kameraga qarata «Krim yo Ukrainaniki bo‘ladi, yo kimsasiz bo‘ladi», deb baqirishgan, shundan so‘ng yetib kelgan chegara naryadi bilan otishmaga kirishishgan. Natijada desant chekingan va rossiyaliklarga Ukraina bayrog‘i va 46 yoshli yarador askarni qoldirib ketishgan. U keyinroq so‘roq davomida «sohildagi bayroq»ni videoga olish - o‘tkazilgan operatsiyaning bosh maqsadi bo‘lganini aytgan.