Vladimir Putin «Rossiya energetika haftaligi» yalpi majlisida Falastin-Isroil mojarosiga to‘xtalib o‘tdi.
«Bo‘layotgan voqea dahshatli. Biz tushunamizki, har ikki tomonning nafrati juda katta. Lekin tinch aholi — ayollar, bolalar, qariyalar o‘rtasidagi yo‘qotishlarni minimallashtirish yoki nolga tushirishga harakat qilish kerak», dedi u.
«Agar erkaklar o‘zaro jang qilishga qaror qilsa, o‘zaro urushaversin. Ayollar va bolalarni tinch qo‘yinglar. Bu har ikki tomonga ham tegishli», deb ta’kidladi Putin.
«Yaqin kelajakda vaziyatni tinchlantirish mumkinmi yoki yo‘qmi - noma’lum, ammo bunga intilish kerak, chunki mojarolar zonasining kengayishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan, energetika sohasida», dedi u.
Putin Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvida Eronga qarshi ayblovlarni asossiz deb atadi.
«Qo‘shma Shtatlar bitta aviatashuvchi kemani u yerga (O‘rta Yer dengizi tomon) olib borib, ikkinchisi haqida e’lon qilmoqda. Men bundan ma’no ko‘rmayapman. Ular Livanni bombardimon qilmoqchimi? Yoki ular shunchaki kimnidir qo‘rqitishga qaror qildimi? Lekin u yerda shunday odamlar borki, endi hech narsadan qo‘rqmaydilar. Muammoni shu yo‘l bilan hal qilish emas, balki murosa yechimlarini izlash kerak. Endi Eronni har doimgidek dalilsiz barcha gunohlarda ayblashayotganini eshityapmiz. Hech qanday dalil yo‘q», dedi Putin.
Putin fikriga ko‘ra, Falastin davlatini barpo qilish bilan bog‘liq muammo hal qilinmaguncha, mojaroga yechim topilmaydi.
«Asosiysi, poytaxti Sharqiy Quddusda bo‘lgan suveren Falastin davlatini barpo etish bilan bog‘liq bo‘lgan fundamental siyosiy masalalarni hal qilmasdan turib, muammoni umuman yechib bo‘lmaydi» dedi u.
«Bundan tashqari, Isroilning turar joy hududlarini kengaytirish siyosati va boshqa bir qator tadbirlar oxir-oqibat zo‘ravonlikning bunday portlashiga olib keldi. Nima bo‘layotgani dahshatli. Falastin muammosi bu mintaqadagi har bir insonning yuragida va menimcha, islomga e’tiqod qiluvchi har bir insonning qalbida. Hayot shunday rivojlangan, bular ochiq-oydin narsalar», deb qo‘shimcha qildi Putin.
Putinning eslatishicha, dastlab Isroil davlati tashkil etilganda, bir vaqtning o‘zida Falastin davlatini yaratish to‘g‘risida ham qaror qabul qilingan.
















