O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashining Bishkekdagi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston prezidenti mavjud imkoniyatlarni birgalikda baholash va o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.

«Bizning uchrashuvimiz global geosiyosiy keskinlik kuchayayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Barcha hamkasblarim o‘z chiqishlarida oldimizda turgan umumiy tahdid va xavf-xatarlarni qayd qilib o‘tdilar.

Ming afsuski, dunyoning turli mintaqalaridagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlarning oqibatlari barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bunday vaziyatda biz MDH bo‘yicha sheriklarimiz bilan hamkorlikning yangi yo‘llari va mexanizmlarini izlashda davom etamiz.

Gap, avvalo, muqobil savdo-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, qo‘shilgan qiymatning qisqa va yanada samarali zanjirlarini yaratish, mamlakatlarimiz iqtisodiyotidagi bir-birini to‘ldiradigan zaxiralardan imkon qadar yuqori darajada foydalanish, biznes aloqalarini rag‘batlantirish haqida bormoqda.

Biz paydo bo‘ladigan xavf-xatarlarni birgalikda baholash, muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart qarorlarni qabul qilish uchun MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning noyob platformasi to‘liq ishga solinishidan manfaatdormiz.

Shu munosabat bilan Hamdo‘stlikning uzoq muddatli yangi kun tartibini ishlab chiqish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil markazlari va ekspertlari ishtirokida konferensiya tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilaman», dedi Shavkat Mirziyoyev.