Oq fosfor tez yonuvchi modda bo‘lib, harbiylar odatda undan hududlarni belgilash maqsadida foydalanishadi. Ammo u odamlarda kuchli kuyish keltirib chiqarishi ham mumkin. Shu bois, fosfordan odamlar ko‘p to‘planadigan yerda foydalanish juda xavfli. Kislorod bilan qo‘shilgan fosfor juda badbo‘y va zaxarli oq tutun chiqaradi.
HRW hisobotida tashkilot G‘azo va Livanda Isroil tomonidan oq fosforli artilleriya snaryadlari ishlatilganini isbotlovchi videotasvirlar olgani aytilgan. Shuningdek, hisobotda AFP nashrining G‘azoda olgan suratiga e’tibor berish ham so‘ralgan. Suratda havodagi oq chiziqlarni ko‘rish mumkin.
«Dunyoning odamlar eng zich yashaydigan joylardan biri bo‘lmish G‘azoda oq fosfordan foydalanish xalqaro normalarga zid bo‘lib, tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadi», deyiladi huquqbonlar hisobotida.
Reuters nashrining bu boradagi so‘roviga javoban isroillik harbiylar G‘azoda oq fosforli quroldan foydalanilgani haqida ma’lumot yo‘q ekanini ma’lum qilgan. Bunday quroldan Livanga zarba berishda foydalanilgan yoki yo‘qligi haqida esa indashmagan.
2013 yilda Isroil tomoni oq fosfordan ortiq foydalanmasligi, «favqulodda holatlar esa bundan mustasno» ekanini iddao qilgandi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, oq fosfordan tinch aholi yashaydigan hududlarda foydalanish taqiqlangan. Ammo undan tutunli halqa yaratish maqsadida foydalanish mumkin.
O‘limga olib keladigan kuyish
Xalqaro urush qoidalariga ko‘ra, oq fosfordan jang maydonida faqat tutunli halqalar yaratish, yoritish, nishonlarni belgilash va harbiy obektlarni yoqish maqsadida foydalanish mumkin. Bunday maqsadlarda ishlatilayotgan oq fosfor kimyoviy qurol hisoblanmaydi va bu boradagi xalqaro konvensiyalar uni taqiqlamaydi. Ammo bu modda inson tanasida o‘limga sabab bo‘ladigan kuyishga olib kelishi va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin.
Human Righs Watch ma’lumotida aytilishicha, oq fosfordan juda kichik kuyish jarohati olganlar ham halok bo‘lishi mumkin. Kislorod tugaguncha yonadigan bu modda keltirib chiqargan yara bog‘lami ochilishi bilan u yana yona boshlashi mumkin.

Tashkilot hisobotida oq fofsor havodagi portlashi oqibatida 250 metr diametrdagi hududga tarqalgani aks etgan video ayniqsa xavotirli ekani aytilgan.

















