G‘azo bombalar yomg‘iri ostida qoldi.

AQSh Afg‘onistonga 1 yil davomida tashlagan 6 ming bombani, Isroil G‘azoga 6 kunda tashladi.

Isroil askarlari urushda hech qanday qoidaga amal qilmasliklari aytildi. Human Righs Watch tashkiloti isroillik harbiylar Livan va G‘azo sektoriga hujumlarda oq fosforli snaryadlar qo‘llagani haqida ma’lum qildi.

Falastin atrofidagi arab davlatlari tomonlarni murosaga chaqirgan bir paytda, Qo‘shma shtatlar Isroil uchun allaqachon harbiy yordamlarni yubordi. Shuningdek, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasbi Yoav Gallant va bosh vazir Binyami Netanyahu bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Isroilga keldi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektori aholisiga zudlik bilan insonparvarlik yordamini yetkazishga chaqirdi. Falastin-Isroil mojarosiga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik kengashining yopiq yig‘ilishida ishtirok etishdan oldin u: «urushlarning ham qonun-qoidalari bor», deb ta’kidladi.

Isroil tomoni G‘azo aholisiga hududni tark etishning so‘nggi muhlati 14 oktyabr 16:00 gacha ekanini aytgan, biroq qochqinlar karvoniga Isroil tomonidan raketa kelib tushgani haqida lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Tel-Aviv hozircha bunga munosabat bildirmagan.

Shu bilan birga, Guterrish Isroilning G‘azo sektorining shimoliy qismlarini evakuatsiya qilish haqidagi chaqirig‘iga ochiqchasiga qarshi chiqdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining ta’kidlashicha, aholi zich joylashgan hududdagi 1,1 millionga yaqin odamga ta’sir qiladigan bunday harakat «o‘ta xavfli va ba’zi hollarda imkonsizdir».

Isroilning Pekindagi elchixonasiga hujum uyushtirildi. Diplomat shifoxonaga yotqizilgan, uning holati barqaror ekani aytilmoqda. Avvalroq HAMAS juma kuni Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun ommaviy aksiyalar o‘tkazishga chaqirgandi.

Qatar Falastinni qo‘llab-quvvatlash doirasida global gaz tanqisligini yuzaga keltiradimi?

“Agar G‘azoni bombardimon qilish to‘xtamasa, biz dunyoga gaz ta’minotini to‘xtatamiz”, — dedi amir Tamim bin Hamad Al Soniy.

Ayni mana shu mazmundagi xabarlar Qatar hukumati tomonidan tarqatildi deb ishonildi, biroq bu dezinformatsiya ekani aniqlandi. Demak amir bunday keskin bayonot bermagan .