Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DXX kuchli ta’sir qiluvchi dorilar kontrabandasi va savdosi bilan shug‘ullangan guruhni qo‘lga oldi
DXX xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, xalqaro kur’yerlik jo‘natmalari orqali xorijdan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni kontrabanda qilish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Foto: Videodan kadr
DXX xabariga ko‘ra, aviajo‘natmalar orqali Xitoy davlatidan kosmetika mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladigan vosita nomi ostida yuborilgan 5 kg “Pregabalin” moddasi to‘xtatib qolindi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu kuchli ta’sir qiluvchi modda 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosiga tegishli ekani aniqlanib, ular harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Avtomashina salonida bo‘lgan 1500 dona “Pregabalin” va 90 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ular ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzilda yashirin laboratoriya tashkil etilgani va jinoiy guruh a’zolari bo‘lgan – 2003 va 2005 yillarda tug‘ilgan 2 qiz kimyoviy moddalarni aralashtirgan holda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash va bo‘sh kapsulalarga qadoqlash bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur xonadondan sotishga tayyorlab qo‘yilgan 376 dona “Pregabalin” kapsulasi, 101 dona flakonda “Tropikamid”, 14 kg 150 gr kuchli ta’sir qiluvchi moddalar kukuni, 9 ta polietilen qopda bo‘sh kapsula va flakonlar, 20 litr xlorid kislotasi, elektron torozi, kolba, mikser va shpritslar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda jinoiy guruhning 6 nafar a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 251-1 moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Mavzuga oid
11:07 / 25.12.2025
Toshkentda dori vositalarining noqonuniy savdosi fosh etildi
08:27 / 25.12.2025
Namanganda ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash uchun 40 ming talab qilgan shaxslar ushlandi
08:59 / 20.12.2025
Samarqand va Surxondaryoda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari olib kirishga urinish to‘xtatildi
09:22 / 18.12.2025