Toshkentning Hamid Olimjon maydonida joylashgan, yagona ansamblni hosil qiluvchi 8 ta ko‘p qavatli uylar fasadini yangilash bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihaviy eskiz bu yerda yashovchilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
18 qavatli uylarda yashovchi aholi vakillari ta’mirdan keyin uylar fasadining dekorativ aspekti yo‘qolishi, uylarda havo almashinuvi yomonlashishidan xavotirda. Ularning qo‘lidagi eskizda to‘rtala binoning ofislarga xos tarzda oynavand va kompozit panellardan iborat fasadga ega ko‘rinishi aks etgan.
Fuqarolarning Gazeta.uz'ga ma’lum qilishicha, domkomlardan aholini rekonstruksiya rejasi bilan tanishtirish so‘ralgan. Rekonstruksiya uchun materiallarning bir qismi olib kelib qo‘yilgan, lekin ishlar hali boshlanmagani aytilyapti.

Aholi vakillariga ko‘ra, bu sakkizta 18 qavatli uylardan tashqari, ularga yaqin joyda – Mustaqillik shoxko‘chasida joylashgan uchta 9 qavatli uylarning ham fasadi yangilanishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahar hokimining matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning Kun.uz so‘roviga javoban aytishicha, shaharda fasadi eskirgan, konstruksiyalari muddatini o‘tab bo‘lgan 70 ta ko‘p qavatli uy rekonstruksiya qilinadi. “Lekin tarmoqlarda tarqalgan bu suratlar ko‘rinishida emas”, – dedi u.
“Hamid Olimjon maydonidagi uylarning tashqi tomonida metall konstruksiyalar bor. Binolar baland, shamolda shu konstruksiyalar uchib ketib kimnidir mayib qilib qo‘yishi yoki mol-mulkka zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ularni ham yangilamoqchimiz, rejalashtirilgan. Hali bu borada ishlar boshlanmagan.
Aholi bilan shu o‘zgarishlar borasida gaplashishni reja qilgan vaqtimiz 2-3 nafar pudratchilar o‘z taklifini bergandi, mana shu vaqtda shu rasmlar tarqab ketgan. Tartibi bo‘yicha, ularning loyihasi aholi bilan kelishiladi, shundan so‘ng shahar hokimiyatiga beriladi.
Tarmoqlarda tarqalgan rasmlarni biz hali tasdiqlamaganmiz, bu eskizlar bizga kelgani ham yo‘q hali. Ko‘p qavatli uylar fasadi yangilanishi aniq, bu rejamizda bor. Lekin bu ko‘rinishda emas. Pudratchilarga bino uchun aholiga yoqadigan eskizni tayyorlash vazifasi berilgan. Bu jarayonda binoning tarixiy qiyofasini maksimal darajada saqlab qolishga harakat qilinadi, bizga shu talab qo‘yilgan”, –


















