O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.

Global sayyohlik tashkilotining 140 dan ziyod mamlakat vakillari ishtirokida 20 oktyabr kuniga qadar davom etadigan bosh tadbirida davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston yetakchisi turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanini qayd etdi. O‘zbekistonda ham mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlar doirasida turizm tarmog‘ini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

Keyingi yillarda salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.

Sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi, kredit va moliyaviy yordam kuchaytirildi. Pandemiya cheklovlariga qaramasdan, ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasi amalga oshirildi.

Mehmonxona o‘rinlari soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.

Natijada O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar ko‘paydi. Turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar o‘sdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyuradi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazish reja qilingan.

Olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston eng tez rivojlanayotgan turizm maskani va eng xavfsiz davlat sifatida xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

O‘zbekiston rahbari Turizmni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiyada zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladi. Yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan yangi avtomobil va temir yo‘llar quriladi, aviatransport parki 2 barobar kengaytiriladi, aviaqatnovlar soni to‘rt barobar oshiriladi. Katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.