Avvaliga Entoni Blinkenning Yaqin Sharqqa safari atigi ikki kun bo‘lishi kutilgandi: 12 oktyabr kuni AQSh davlat kotibi Isroilga, keyingi kuni Iordaniyaga tashrif buyurishi rejalashtirgandi. Ammo Blinken hali Isroilda ekanida AQSh Davlat departamenti uning safari davom ettirilishi haqida anons berdi. U 16 oktyabrga qadar Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, BAA va Misrda ham bo‘ldi — ya’ni mintaqadagi deyarli barcha muhim mamlakatlarni aylanib chiqdi. «Meduza» amerikalik diplomatning katta turnesi Yaqin Sharqdagi urushning keyingi kechishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tahlil qildi.

Isroilga tashrif vaqtida Blinken mamlakat uchun harbiy yordam va’da qildi — va kongress buni qo‘llashiga ishontirdi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga HAMASning ushbu mamlakatga hujumini qoralash va terrorchilik hujumi qurbonlariga hamdardlik bildirish, AQShning Isroil xalqi va hukumati bilan «birdamligini tasdiqlash» hamda «Isroilning o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini qayd etish» uchun kelgandi. Bu haqda Davlat departamentining 10 oktyabr kuni e’lon qilingan press-relizida aytilgan. 

12 oktyabr kuni diplomat Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, prezident Itsxak Gersog, hukumat a’zolari hamda Amerika diplomatik missiyasi xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Netanyahu bilan birga Tel-Avivda matbuot uchun berilgan bayonotda davlat kotibi o‘zi ham asli yahudiy sifatida mamlakatda bo‘lgan voqealardan qattiq ta’sirlanganini ta’kidlagandi (rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS hujumi oqibatida Amerikaning 25 fuqarosi halok bo‘lgan, yana 17 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda). 

Isroil AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida gapirarkan, Blinken harbiy yordam yetkazib berish allaqachon boshlanganini xabar qilgan: xususan, mamlakatga «Temir qubba» havo hujumidan mudofaa tizimi ishlashi uchun zarur jihozlar, shuningdek harbiy kemalar flotiliyasi (Pentagon Isroil sohillari yaqiniga «Jyerald Ford» atom aviatashuvchisi yetakchiligidagi zarbdor guruhni olib keldi, «Duayt Eyzenhauer» aviatashuvchi kemasi ham yaqin vaqtlar ichida O‘rta Yer dengizining sharqiy qismiga yetib borishi kutilmoqda).

Agar Isroilga qo‘shimcha yordam talab etilsa, Jo Bayden ma’muriyati buni kongress bilan kelishishini va’da qilgan. U Netanyahuni ikki partiyaning ham kongressmenlari Isroilni qo‘llashiga ishontirgan. Mamlakat bungacha ham Amerika harbiy yordamini eng ko‘p miqdorda oladigan davlatlar qatorida edi: AQSh unga yiliga uch milliard dollardan ortiq miqdordagi qurol-yarog‘ yetkazib beradi. 

Keyingi kuni, 13 oktyabrda AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Isroilning harbiy ehtiyojlarini baholash uchun Tel-Avivga keldi. Time jurnali manbasi xabar qilishicha, Bayden ma’muriyati va kongressning yetakchi a’zolari allaqachon ushbu mamlakatga ikki milliard dollarlik moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu pullar «Temir gumbaz»da ishlatish uchun tutib oluvchi raketalar, artilleriya snaryadlari va boshqa o‘q-dorilarga sarflanishi ko‘zda tutilgan.