Jahon | 08:15 / 17.10.2023
6881
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning Yaqin Sharq bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini rad etdi

BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi qo‘shimcha maslahatlashuvlar uchun to‘xtatildi. Rossiya va Braziliyaning raqobatdosh rezolyutsiya loyihalari ovozga qo‘yilishi kerak edi.

Foto: BMT

16 oktyabr, dushanba kuni kechqurun Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuviga oid rezolyutsiya loyihasini rad etdi. Rossiya va Braziliyaning ikkita raqobatchi loyihasi taqdim etilishi kerak bo‘lgan ovoz berishdan oldin yig‘ilish to‘xtatildi - Birlashgan Arab Amirliklarining doimiy vakili iltimosiga ko‘ra, Xavfsizlik kengashining 15 a’zosi yopiq eshiklar ortidagi qo‘shimcha maslahatlashuvlar uchun chiqib ketdi.

Rossiya tomonidan taklif qilingan loyihada «humanitar otashkesim» va G‘azo sektoridagi isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirilgan, biroq HAMAS guruhining hujumi to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralanmagan. BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilayotgan Braziliyadan rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha ovoz berish 17 oktyabr oqshomiga qoldirildi.

Xavfsizlik kengashidagi kelishmovchiliklar

Rossiya rezolyutsiyasi loyihasi kengashning 15 a’zosidan atigi beshtasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi; rezolyutsiyani qabul qilish uchun zarur bo‘lgan minimal miqdor - to‘qqizta ovoz, bundan tashqari, unga hech kim veto qo‘ymasligi kerak. Ma’lumotlarga ko‘ra, maslahatlashuvlardan so‘ng Braziliya o‘z matnini to‘g‘rilagan, Buyuk Britaniya, Fransiya va BAA o‘zgarishlarni talab qilgan. Biroq, Braziliya loyihasining qabul qilinishi ham so‘roq ostida.

Diplomatik doiralarga ko‘ra, Rossiya taklif qilgan hujjat zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiradi va tinch aholiga qarshi qaratilgan har qanday zo‘ravonlik va harbiy harakatlarni, shuningdek, barcha «terrorizm aktlarini» «qat’iy qoralashni» o‘z ichiga oladi, unda HAMAS haqida gapirilmagan.

O‘z navbatida, Braziliya rezolyutsiya loyihasi «humanitar pauza»ga chaqiradi, zo‘ravonlik, tinch aholiga qarshi harbiy harakatlarni, shuningdek, «HAMAS hujumlarini» qoralaydi. Shu bilan birga, Braziliya taklifi nomi ochiq aytilmagan Isroilni G‘azo sektori shimolidan tinch aholini evakuatsiya qilish talabini bekor etishga chaqiradi.

O‘tgan hafta oxirida, 7 va 8 oktyabr kunlari HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi falastinlik jangchilarning harakatlarini qoralamagan holda yakunlandi. Keyinroq, 13 oktyabr kuni Xavfsizlik kengashi ikkinchi majlisini yopiq eshiklar ortida o‘tkazdi, biroq yagona yondashuvni ishlab chiqa olmadi.

BMT bosh kotibi G‘azo sektorida evakuatsiyani imkonsiz deb hisoblaydi

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning G‘azo sektoridan tinch aholini 24 soat ichida evakuatsiya qilish talabini imkonsiz deb atadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining fikricha, bunday qadamni talab qilish oqibatlari humanitar falokatga olib kelishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid