Raqamlashtirish vazirligi 3 oktyabr kungi matbuot anjumanida O‘zbekistonda raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilishini e’lon qilgandi.

Hozirda O‘zbekistondagi mobil operatorlar o‘rtasida raqamlarni uzatish tizimi – Mobile Number Portability (mnp.uz) sayti sinov tariqasida ochilgan, lekin tizim hozircha ishlamayapti. Raqamlashtirish vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tizim 24−27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “ICTWeek Uzbekistan 2023” haftaligida to‘liq taqdimot qilinadi.

Portaldagi ma’lumotlarga ko‘ra, raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish 4 bosqichda amalga oshiriladi.

1. Abonent raqamini ko‘chirishga ariza beriladi

Abonent raqamini ko‘chirishga quyidagi usullar orqali ariza berish mumkin:

– mobil aloqa operatorlarining ofislarida ariza to‘ldirish orqali;

– yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali.

2. Abonent raqamini ko‘chirish xizmati uchun haq to‘lash

Bir martalik to‘lov abonent o‘tayotgan operatorga to‘lanadi, to‘lov miqdori har bir mobil aloqa operatori tomonidan mustaqil belgilanadi.

3. Aloqa operatoridan yangi SIM-karta olish

Operator abonent arizasini qabul qiladi, u bilan yangi kelishuv tuzadi va abonentga vaqtinchalik raqamga ega yangi SIM-karta topshiradi. Vaqtinchalik raqam nazarda tutilgan operatorga biriktirilgan raqamlar to‘plamidan tanlab beriladi, yangi SIM-karta esa abonent tomonidan arizada ko‘rsatilgan tarif rejasiga ulangan bo‘ladi.

Kelishuv tuzilgan vaqtda vaqtinchalik raqamga ega SIM-karta faol bo‘ladi va abonent uning raqami faktga ko‘ra yangi operatorga o‘tkazilguniga qadar ham yangi aloqa operatori (resipient-operator) xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Raqamni yangi operatorga o‘tkazish arizasi rad qilinganda, abonent o‘ziga berilgan SIM-karta orqali resipient-operator xizmatlaridan foydalanishda davom etishi mumkin. Raqam yangi operatorga muvaffaqiyatli o‘tkazilganda, resipient-operator SIM-kartadagi vaqtinchalik raqamni abonent arizasida o‘tkazilishi lozim deb ko‘rsatilgan raqamga o‘zgartiradi. Raqamni boshqa mobil operatoriga ko‘chirish 8 ish soatidan ortiq bo‘lmagan vaqt talab qiladi.