Muzaffar Rahmonov 3 yoshida baxtsiz hodisa sabab ikki qo‘lidan ayrilgan. Qo‘lsiz mashina boshqarib, yuk tashiydi, hovlisida chorva boqadi. Ikki o‘g‘ilning otasi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti sirtqi ta’lim yo‘nalishining to‘rtinchi kursida o‘qiydi.

Farg‘ona shahri Yormozor mahallasida yashovchi Muzaffar kunlik ish faoliyati, oilasi, qo‘lsiz mashinani qanday boshqarishi haqida so‘zlab berdi.

“3 yoshimda eshigi ochilib qolgan transformatorni bilmay ushlab olganman, o‘shanda qo‘lim kuyib ketgan. Esimni taniganimda shu ahvolda edim. Boshqalar qatori bog‘cha, maktabga bordim. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchim Ra’no opa boshqalar bilan barobar yozish-chizishni o‘rgatdi, sen ham qilolasan, deb dalda bo‘ldi doim. Shu ustozlarim tufayli Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti sirtqi ta’lim yo‘nalishining 4-kursida davlat tomonidan grant asosida tahsil olyapman.

Oilamiz tinch, ikki o‘g‘lim bor, ayolimga rahmat. Katta o‘g‘lim qo‘limga qarab nima bo‘lganini so‘rab qoladi ba’zida. Xudo bergan sinov deb to‘g‘ri tushuntiraman. O‘g‘lim aqlli. Ikkinchisi hali kichik.

Muzaffar Rahmonov o‘g‘illari bilan

Ertalab bolalarni bog‘chaga tashlab, ko‘chaga chiqib ketaman mashina bilan. Mashina haydash odatiy hol men uchun, qiynalmayman, o‘rganib qolganman. Peshonaga yozilgani shu ekan deb uyda yotib olsak bo‘lmaydi. Yaratgan dard bergani bilan shunga yarasha yurakka o‘t ham solib qo‘yarkan. Bir joyda o‘tirishni yomon ko‘raman. Qo‘limdan kelgan ishni qilaveraman. Ota-onam ham menga ishonib, ishlab yurishimga turtki bo‘lishgan, bolam shunaqa ekan deb uyda olib o‘tirishmagan, harakat qilishni o‘rgatishgan. Boshida qiyin bo‘lgan, lekin ko‘nikib, o‘rganib ketdim.

Kunlarning birida Yozyovonga yuk tashlab kelayotsam, YPX xodimlari to‘xtatishdi. Haydovchilik guvohnomam yo‘q, doktor ruxsatini ololmaganmiz (to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi ularni ham, javobgarligi bor, biror nima bo‘lsa). Xullas, to‘xtatishgach, savol berishdi, hujjat so‘rashdi. Ochig‘ini aytdim men ham. Qiynalmayapsizmi, deyishdi, mashina haydashimni ko‘rsatdim o‘zlarini mindirib. Shundan keyin haydovchilik guvohnomasi beramiz, deyishdi. Mashina eski ekan, mashina oling, deyishdi. Shundan so‘ng Labo mashinasini olib berib, to‘lovlarini ham o‘zlari to‘lashdi.