Jahon | 16:29 / 19.10.2023
10085
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Misr bilan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Chegaradan dastlab 20 ta yuk mashinasi yuboriladi. Agar ular HAMAS tomonidan musodara qilinmasa, Misr orqali insonparvarlik yordami yetkazib berish muntazam davom ettiriladi.

Foto: REUTERS/Evelyn Hockstein Evelyn Hockstein/Reuters

Misr hududidan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berilishi uchun Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ochilmoqda. CNN xabariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden bu borada Misr prezidenti Abdul Fattoh As-Sisi bilan kelishuvga erishdi. 

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Misr dastlab 20 ta yuk mashinasini o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Sektor tomonda ularni BMT vakillari kutib oladi va yordamni taqsimlash bilan shug‘ullanadi. Agar jarayonga HAMAS xalaqit bermasa, masalan, yuklarni musodara qilmasa, Misr tomondan insonparvarlik yordami yetkazib berish muntazam amalga oshiriladi, degan AQSh prezidenti. 

Bayden dastlabki yuklar juma kunidan oldin yetib bormasligini qo‘shimcha qilgan: «Ular yo‘llarni yamashmoqchi. Yuk mashinalari harakatlanishi uchun yo‘llardagi chuqurliklar yopilishi lozim. Taxminlarga ko‘ra, buning uchun sakkiz soat atrofida vaqt ketadi», — degan Bayden.

Bunday kelishuvga erishilganini Misr prezidenti matbuot kotibi Ahmad Fahmi ham tasdiqlagan. U yuklarni yetkazib aynan qachon boshlanishiga aniqlik kiritmagan. Avvalroq Qizil Xoch jamiyatining Shimoliy Sinaydagi bo‘limi rahbari Xolid Zayd Rafah nazorat-o‘tkazish punktining Misr tomonida uch tonnadan yuk ortilgan 200 dan ortiq yuk mashinalari to‘planib turganini aytgandi.

Binyamin Netanyahu va Bayden o‘rtasidagi muzokaralardan keyin uning ofisi Isroil tomoni Rafah punkti ochilishiga qarshi emasligini bildirgan, faqat insonparvarlik yordamlari sektor janubidagi falastinliklarga tarqatilishi va HAMAS qo‘liga yetib bormasligi ta’minlanishini shart qilib qo‘ygandi.

Bundan oldinroq Bayden falastinliklar uchun 100 mln dollarlik insonparvarlik yordami haqida e’lon qilgandi.

  • HAMAS harakati a’zolari 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qilgandi. Ular mamlakat hududi bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi va Isroil janubidagi chegara hududlarga bostirib kirib, tinch aholi vakillarini o‘ldirgan hamda odamlarni garovga olgandi. Bunga javoban Isroil mudofaa armiyasi HAMASga qarshi amaliyot boshladi, uning doirasida G‘azo sektori «to‘liq blokada» qilindi, ichimlik suv va elektr, oziq-ovqat va yonilg‘i yetkazib berish to‘xtatildi. BMTdagilar bu qarorni qoralagan, bunday chora tinch aholi o‘rtasida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘luvchi «kollektiv jazo» hisoblanishini bildirgandi. 

Mavzuga oid