Jahon | 08:30 / 19.10.2023
6824
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada sobiq prezident davlat to‘ntarishida ayblanishi mumkin

Braziliyaning sobiq prezidenti davlat to‘ntarishiga urinish va jinoiy fitnada aybdor, deya xulosa qildi Milliy kongressga bostirib kirishni tekshirish uchun tuzilgan komissiya a’zolari. 

Foto: Reuters

18 oktyabr, chorshanba kuni Milliy kongressga bostirib kirishni tekshirish uchun tuzilgan parlament komissiyasi sobiq prezident Jair Bolsonaruga qarshi ayblovlar qo‘ydi. U davlat to‘ntarishiga urinish, siyosiy zo‘ravonlik va jinoiy til biriktirishda aybdor deb hisoblanmoqda

Bolsonaruga qarshi tergov besh oy davom etdi va yakuniy hisobot 1300 sahifani tashkil etdi. Bolsonarudan tashqari yana 60 kishi, jumladan, sobiq vazirlar va harbiy ofitserlar Milliy kongressga bostirib kirishga aloqadorlikda ayblanmoqda. Hisobot Braziliya Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi va agentlik sobiq prezidentga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yish masalasini hal qilishi kerak. 

Bolsonaruning advokatlari hisobotni «to‘liqsiz va noxolis» deb atadi. Ularning fikricha, sobiq prezident o‘z himoyasida vajlar keltirish imkoniga ega bo‘lmagan. 

Bolsonaru tarafdorlari prezident saroyiga bostirib kirgan 

O‘tgan yil 30 oktyabr kuni Braziliyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, unda Luiz Inasiu Lula da Silva 50,9 foizdan 49,1 foizgacha ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. 2023 yil 8 yanvarda saylov natijalari soxtalashtirilgan deb hisoblagan Bolsonaru tarafdorlari prezident qarorgohi, Kongress binosi va Oliy sudga bostirib kirdi. 

Iyun oyida Oliy saylov sudi sudyalari sobiq prezidentni bu xatti-harakatlarning «demokratiya uchun zararli oqibatlari» bo‘yicha qisman javobgar deb topdi. Shu munosabat bilan unga 8 yilga prezidentlikka nomzod bo‘lish taqiqlandi. Bolsonaruning o‘zi barcha ayblovlarni rad etdi. U tartibsizliklar paytida Floridada bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid