Jahon | 08:20 / 20.10.2023
17262
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqda AQShning ikkita harbiy bazasiga dronlar hujum qildi 

So‘nggi 24 soat ichida Iroqdagi AQShning to‘rtta harbiy bazasi hujumga uchragan. Avvalroq, Iroq qurolli guruhlari, agar Vashington HAMASga qarshi kurashda Isroilni qo‘llab-quvvatlasa, hujumlar bilan tahdid qilgan edi. 

Foto: Globallookpress.com

19 oktyabr, payshanba kuni kechqurun dronlar Iroq g‘arbidagi Amerika qo‘shinlari joylashgan Ayn al-Asad aviabazasiga hujum qildi, deb yozadi Reuters. Dronlar raketalar bilan urib tushirilgan, baza atrofi o‘rab olingan va qidiruv ishlari olib borilmoqda, deydi Iroq harbiylari. 

Qurbonlar va moddiy zarar haqida xabar berilmagan. Iroq politsiyasiga ko‘ra, Bag‘dod yaqinidagi yana bir Amerika harbiy bazasi ham raketalar hujumiga uchragan. 

So‘nggi 24 soat ichida Iroqdagi Amerika qo‘shinlari joylashgan to‘rtta harbiy baza hujumga uchragan. 18 oktyabr kuni dron hujumi oqibatida bir necha harbiy xizmatchi yaralangan. Avvalroq, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Iroqning bir necha qurolli guruhlari, agar Vashington Isroilni HAMASga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlasa, AQSh harbiy bazalariga hujum amalga oshirish bilan tahdid qilgan edi. 

HAMAS va Isroil

7 oktyabr kuni HAMAS jangchilari Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. O‘shandan beri Isroil HAMAS nazorati ostidagi aholi zich joylashgan Falastin hududiga yirik havo hujumlarini amalga oshirdi. Isroil armiyasi guruhni yo‘q qilish uchun G‘azo sektorida quruqlikdagi keng ko‘lamli operatsiyaga hozirlik ko‘rmoqda. 

Mavzuga oid