AQSh prezidenti Jo Bayden televideniye orqali amerikaliklarga yo‘llagan murojaatida AQSh «terrorchilar va tiranlarga g‘olib bo‘lish»ga yo‘l qo‘ya olmasligi tufayli Isroil va Ukrainaga yordam berishi zarurligini ma’lum qildi. Baydenning murojaati matni The New York Times gazetasi tomonidan keltirilgan.
Xususan, AQSh prezidenti Kongressdan Ukraina va Isroil uchun yordam so‘rashini anons qilarkan, HAMAS va Putin turlicha tahdidlarni keltirib chiqarsa ham, ularni baribir «qo‘shni demokratiyani to‘liq yakson etish» istagi birlashtirishini, AQSh esa bunga yo‘l qo‘ya olmasligini ta’kidlagan.
«HAMASning mavjudligi maqsadi — Isroil davlatini yo‘q qilish va yahudiy xalqini o‘ldirishdir. Putin esa Ukrainada haqiqiy davlatchilik bo‘lgani yoki hozirda mavjud bo‘lishini inkor etadi. U Ukrainani sovetlar ittifoqi yaratganini ta’kidlaydi. Va atigi ikki hafta muqaddam butun dunyoga qarata, agar Qo‘shma Shtatlar va bizning ittifoqchilarimiz ketadigan bo‘lsa, Ukraina bir haftadan ortiq omon qolmasligini aytdi», – degan Amerika prezidenti.
U Isroilni Qo‘shma Shtatlar 2001 yil 11 sentabrdan keyin yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlashdan ogohlantirgan. «Men Isroil hukumatini g‘azabdan ko‘r bo‘lmaslik haqida ogohlantirdim. Amerikada esa kimligimizni unutmaylik. Biz musulmonlarga, yahudiylarga yoki boshqa birovga nisbatan nafratning har qanday shaklini, ko‘rinishini rad etamiz», – dedi Bayden.
U shuningdek HAMAS falastinliklarning manfaatlarini ifoda etmasligi, balki tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalanishi va ular tufayli begunoh falastinliklar azob chekayotganini qayd etgan.
AQSh prezidenti, shuningdek, Isroil va Falastin o‘rtasida ikki davlat sifatida birga yashash g‘oyasidan voz kechib bo‘lmasligini aytdi. «Isroil va falastinliklar teng darajada xavfsizlik, qadr-qimmat va tinchlikda yashashga loyiqdir», – dedi Jo Bayden.
U Falastin-Isroil mojarosi fonida antisemitizm va islomofobiya avj olganini qoraladi. «Bugungi kunda yahudiy oilalar maktabda yoki ko‘chada o‘z e’tiqodlarining timsollarini kiygani uchun hujumga uchrashi mumkinligidan xavotirda», – dedi Bayden. U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda olti yoshli falastinlik bola o‘ldirilgani, bunga nafrat sabab bo‘lganini eslagan.
Prezident shuningdek, agar «Putinning Ukraina ustidan nazoratni qo‘lga olish istagi to‘xtatilmasa, u faqat Ukraina bilan kifoyalanmasligi»ni aytgan.
«Bilasizmi, tarix bizga shuni o‘rgatdiki, terrorchilar o‘z terrori uchun, diktatorlar esa o‘z tajovuzi uchun [badal] to‘lamasa, ular [yanada] ko‘proq tartibsizlik, o‘lim va vayronagarchilikka sabab bo‘ladi. Ular [bu ishda] davom etmoqda, Amerika va dunyo uchun tahdidlar ortib bormoqda», – dedi prezident.
















