Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chiriladigan shahar aholisi davlat hisobidan mehmonxonalarga joylashtiriladi.
Kiryat-Shmonda 20 mingga yaqin kishi yashaydi, ammo Livan hududidan yo‘llanayotgan muntazam raketa zarbalari tufayli ularning bir qismi allaqachon shaharni tark etgan.
O‘tgan tunda Isroil aviatsiyasi chegara ortida mamlakat hududiga tankka qarshi raketalar uchirishga tayyorlanayotgan jangarilar pozitsiyasi bo‘ylab zarba berilganini ma’lum qilgandi. Natijada, isroillik harbiylarga ko‘ra, jangarilarning uch nafari o‘ldirilgan. Livan tomoni bu zarba oqibatida bir jurnalist halok bo‘lganini bildirgan.

Isroil va Livan chegarasidagi keskinlashuv bir necha kundan buyon kuchayib bormoqda. Yaxshi qurollangan guruh va Isroil armiyasi zarbalar almashmoqda va bu to‘qnashuvlar qarama-qarshilik keng miqyosli mojaroga aylanib ketishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Chegaraning Livan tomonida to‘rt kilometr naridagi Bint-Jubayl shahrida ham ko‘chalar bo‘shab qolgan, do‘konlarning aksari yopilgan.
Shahar aholisining ko‘pchiligi Isroil va ushbu hududni nazorat qiluvchi shialarning «Hizbulloh» guruhi o‘rtasida ziddiyat kuchaysa, janglar boshlanib ketishi mumkinligidan qo‘rqib bu yerni tark etgan.
Shu bilan birga, BBC muxbiri bu yerda ko‘cha o‘rtasida plastik stolcha atrofida o‘tirib, bamaylixotir pitssa tanovul qilayotgan kishilarni ham uchratgan.
«Shaharda nazorat izdan chiqmasa, men hech qayerga ketmayman, bunday bo‘lishiga esa ishonmayman, — degan Muhammad Baydun, lekin bu vaqtda u muxbirlar paydo bo‘lishi bilan chor tarafdan yetib kelgan «Hizbulloh» ayg‘oqchilari kuzatuvi ostida edi. — Men qarshilik kuchlarimizga ishonaman, chin dildan ishonamanki, [„Hizbulloh“] bizni himoya qiladi».


















