O‘zbekiston | 16:40 / 21.10.2023
25844
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident amaldor va deputatlarni yana yo‘llardagi o‘limga befarqlikda aybladi

Shavkat Mirziyoyev yo‘llarni tartibga solish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishni topshirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektorda yo‘llardagi harakat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat ancha ayanchli ahvolda ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘lim va jarohatlanish holatlari ko‘pligini, tegishli rahbarlar bunga loqayd bo‘lib o‘tirganini jiddiy tanqid qildi.

"Yoshlar o‘lyapti, 4000, 4200 odam avariyadan o‘lyapti. Bekordan bekor. Sen ham, transport vaziri bo‘la turib, shunga befarq bo‘lmasdan, prezident qabul qilgan qarorini, svetoforlarni joy-joyiga qo‘yishga mas’ulmisan, yo‘qmi? Nimaga odamlar o‘lishi kerak chorrahalar to‘g‘rilanmagani uchun?" - deya savol qo‘ydi prezident transport vaziriga.

Mas’ullarning qoniqarsiz faoliyatiga deputatlar befarq bo‘lib o‘tirgani ham afsus bilan qayd tildi. 

"Nimaga prezident tashvish qilib, hammani "yondirishi" kerak? Nimaga sizlar (deputatlar) "yonmaysizlar"? Shuncha odam o‘lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo‘lmaydi - dod-faryod odamlar o‘lgani uchun. Ijtimoiy tarmoq degani - xalqni ovozi degani", - dedi davlat rahbari. 

Prezident misol sifatida Xitoy poytaxti Pekin va Rossiya poytaxti Moskvadek yirik shaharlarda tirbandlik deyarli kuzatilmasligini tilga oldi, bizda ham shunga intilish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Umuman, transport vaziri va boshqa mutasaddilarga jamoat transportini rivojlantirish, svetoforlar va yo‘l chiziqlarini o‘rnatish, tirbandlikning oldini olish, poytaxt ko‘chalari va hududlardagi yo‘llarni tartibga solish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish topshirildi. 2024 yil bu borada jiddiy o‘zgarishlar yili bo‘lishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid