Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng SSSR Sharqiy Yevropa davlatlarini o‘z vassaliga aylantiradi. Ularda Moskva yordamida kommunistik partiyalar tuzilib, hokimiyat egallanadi.

O‘sha paytda Sharqiy Yevropa xalqlari kelajakda o‘zlarini nimalar kutayotganini, sovetlar boshlariga qanday kulfatlar solishini bilmasdi.

Tez orada ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tuzum ularga o‘z zulmini o‘tkaza boshlaydi. Shundan so‘ng kommunistik tuzumga qarshi bir qancha namoyishlar bo‘lib o‘tadi.

Jumladan, 1953 yil 3 may kuni Bolgariyadagi tamakini qayta ishlash korxonasida, o‘sha yili 31 may 2 iyun oralig‘ida Chexoslovakiyadagi bir nechta korxonalarda, 15-18 iyun kunlarida GDRda, 1956 yil yozda Polshada ishchilar maoshlar kamligi, mehnat sharoiti yomonligi sababli kommunistik tuzumga qarshi namoyishlar o‘tkazishadi. Bu namoyishlarning barchasi ayovsiz tarzda bostiriladi.

1956 yil oktyabr oyida vengr xalqi kommunistik tuzumga qarshi bosh ko‘taradi. Vengriya rahbarlari Moskvaga qochishadi. Mamlakat tepasiga G‘arb bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni yaqinlashtirish tarafdori bo‘lgan yangi hukumat keladi.

Bunday holat Moskva manfaatlariga to‘g‘ri kelmasdi. Vengriyaga ko‘p sonli sovet armiyasi kiritiladi. So‘ng mamlakatning qonuniy hukumati ag‘darilib, o‘rniga yana kommunistik tuzumga xizmat qiluvchi qo‘g‘irchoq hukumat o‘rnatiladi.

To‘q ranglarda ikkinchi jahon urushidan so‘ng SSSR ta’siri ostiga tushib qolgan Sharqiy Yevropadagi davlatlar ko‘rsatilgan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Vengriyadagi vaziyat

Mamlakat fashistlardan ozod bo‘lgach 1945 yilda Vengriyada saylovlar o‘tkaziladi. Unda kichik xo‘jaliklarning mustaqil partiyasi 57 foiz ovoz olib, g‘alaba qozonadi. «Vengriya mehnatkashlar partiyasi» deb nomlangan kommunistik partiya vakillari esa bor-yo‘g‘i 17 foiz oladi.

Saylov natijalarining bunday tus olishi Vengriyada kommunistik tuzum o‘rnatmoqchi bo‘lgan Moskvani qoniqtirmaydi. Shu sababli oradan 2 yil o‘tib yana saylov o‘tkaziladi.

Saylovdan avval hukmron hukmron partiyaning taniqli vakili Bela Kovach sovetlar tomonidan hibsga olinib, Moskvaga jo‘natiladi. U yerda Kovachga SSSR zarariga josuslik qilganlik aybi qo‘yiladi va 20 yilga qamaladi (Kovach Stalin vafotidan keyin 1956 yilda ozod qilingan).

Ikkinchi saylovda kommunistlarning Vengriya mehnatkashlari partiyasi (VMP) bor-yo‘g‘i 22 foiz ovoz olgan bo‘lsa ham sovet harbiylari yordami bilan hokimiyatni to‘liq egallaydi.