

Sahroi Kabirdagi shahar
Bu shahar nomi ko‘pchilik uchun notanish bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun qo‘lingizda dunyo xaritasi bo‘lsa, Afrika qit’asining shimolida joylashgan Tunis davlatini topib olishingiz kerak. Tunisning janubida, 35 kilometr uzoqlikda Sahroi Kabirning bir qismida Matmata shahri joylashgan.


Shahar dengiz sathidan 450 metr tepalikda cho‘l zonasida bo‘lib, Gabes, Kebili, Medenin va Tatavin va janubiy Tunisning boshqa yirik shaharlarini bir biriga bog‘lab turadi. Shaharda atigi 2 ming aholi bor va ular berber tilida gaplashadi. Berberlar Marokashda bundan 20 ming yil oldin paydo bo‘lgan xalqlardir.


Yomg‘irdan omon chiqqan uylar
Matmata 1969 yilgacha deyarli mashhur bo‘lmagan. Shahardagi uylar yer ostida, loydan qurilgan edi. O‘sha yili hududga 22 kun davomida yomg‘ir yog‘adi. Va bu ko‘p uylarni suv bosib qulab tushishiga sabab bo‘ladi. Ko‘mak olish uchun aholi hukumatga murojaat qiladi. Hukumat hududdagi yashash imkoni bo‘lgan uylarni ta’mirlash va yer ustida ham yangi uylar qurishga yordam guruhini jo‘natadi. Shundan keyin yerosti uylarida qolishni xohlaganlar ta’mirlangan eski uylarida yashashni davom ettirishsa, aholining ma’lum qismi yerusti uylariga ko‘chib o‘tadi va Matmata shahri qad rostlaydi.


Yer ostida uy qurish matmataliklarga nega kerak bo‘ldi?
Shaharning o‘ziga xosligi arxitekturasida ko‘rinadi. Ya’ni uylar qazilgan, chuqurlar ichida, g‘or shaklida qurilgan. Keyinchalik bu chuqurlardan xona sifatida foydalanilgan. Ba’zi uylar bir necha chuqurlardan iborat bo‘lib, xandaqqa o‘xshash o‘tish yo‘laklari bilan bog‘langan. Bunday uylar traglodit uylar deb ham ataladi. Hududda taxminan 1200 ta yer ichiga qazilgan uy bor.




















