Ukrainadagi urushning 614-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukraina rahbariyatida iste’folar bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi Time mamlakat prezidentiga yaqin manbalarga tayangan holda. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, «frontdagi sustkashlik uchun» —hukumat vaziri hamda yuqori martabali generallardan birini ishdan olish rejalashtirilgan.
- NYT: Ukraina va AQSh sovetlar davrida yaratilgan uchirish qurilmalari yoki radarlarni g‘arb namunasidagi zamonaviy raketalar bilan birlashtirib, gibrid havo hujumidan mudofaa «yirtqichlari»ni yasamoqda.
- Anneksiya qilingan Qrim ustida ukrainlarning Storm Shadow rusumli sakkizta raketasi urib tushirildi, deb xabar berdi RF mudofaa vazirligi. Parchalar tushishi oqibatida Sevastopolda bir kishi yaralangan.
- Rossiya qo‘shini Odessa yaqinidagi kemasozlik zavodigan raketa zarbasi yo‘llashi oqibatida to‘rt kishi yaralandi, ularning barchasi — korxona ishchilari. Ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ma’muriy bino hamda zavod texnikasi shikastlangan.
- Xersonda avtobus o‘qqa tutilishi oqibatida yetti kishi yaralandi.
- RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab dronlarning navbatdagi hujumini uyushtirdi. Barcha 12 dron urib tushirilgan. Uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar Mikolayiv, Xerson, Kirovograd, Cherkass, Jitomir, Xmelnitskaya va Dnipropetrovsk oblastlarida urib tushirilgan.
- Yaltada Ukraina prezidenti rafiqasi Yelena Zelenskayaga tegishli bo‘lgan va milliylashtirilgan kvartira kimoshdi savdosida sotib yuborildi.
- Dog‘iston rahbari Sergey Melikov Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar «dushmanlar» — Ukrainada bo‘lgan «sotqinlar va banderachilar» tomonidan uyushtirilganini aytdi.
Xerson o‘qqa tutilishi oqibatlari
RF qo‘shini 30 oktyabr kuni Dnipro daryosining chap sohilidan turib Xersonni o‘qqa tutdi. Zarbalar oqibatida ko‘p qavatli bino shikastlangan, kvartiralardan biri yonib ketgan, unda yashagan 85 yoshli ayol halok bo‘lgan. Shahar harbiy ma’muriyati boshlig‘i Roman Mrochko yana uch kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Shu kuni region rahbari Oleksandr Prokudin kun davomida Xerson oblastida rossiyaliklarning zarbalari natijasida ikki kishi halok bo‘lib, to‘rt kishi jarohat olganini ma’lum qildi. RF qo‘shini kun davomida Xersonning o‘ziga 46 ta snaryad uchirgan.




































