Tel-Avivdan Red Wings aviakompaniyasi reysi (bu haftasiga bir necha bor amalga oshiriladigan muntazam reys) orqali «isroillik qochqinlar» uchib kelayotganini taxmin qilgan namoyishchilar Mahachqal’a aeroporti atrofida 29 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 atrofida yig‘ila boshlagan.

Ayrimlar Falastin bayroqlarini, boshqalar — Isroilga qarshi plakatlarni ko‘tarib kelishgan.

Avvaliga namoyishchilar «yahudiylar»ni qidirib, aeroportdan chiqayotgan odamlarning hujjatlarini tekshira boshlagan. «Pod’yem» kanalida e’lon qilingan videoga ko‘ra, o‘zbek ekanini aytgan yosh yigitni ham yahudiy deb o‘ylashgan va uni qurshab olib, pasportini olib qo‘yishgan.

Aeroportga olib boruvchi yo‘llar to‘silgan, voqea joyiga politsiya yetib borgan. «Ostorojno, novosti!» kanalida e’lon qilingan videoda politsiyachi megafon orqali yig‘ilganlarning «holatini tushunishi»ni aytgani, ammo ulardan tinchlanishni so‘rashi eshitiladi.

Ammo politsiya namoyishchilarni tinchlantira olmaydi — bir necha yuz kishilik olomon aeroportning xalqaro terminaliga bostirib kirib, antisemitizm ruhidagi shiorlarni aytib, har bir xonadan yahudiylarni izlay boshlaydi.

Ko‘p o‘tmay namoyishchilar aerodromning uchish hududiga yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi, tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida odamlar samolyotlardan birining qanotiga chiqishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Aeroport faoliyati falaj holatiga keladi, qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyotlar boshqa aerodromlarga yo‘naltiriladi. Dubaydan uchib kelib, Mahachqal’aga qo‘nib ulgurgan reys yo‘lovchilari g‘azablangan olomon tufayli qo‘nishdan keyin yana besh soat davomida samolyotda qamalib o‘tirishganini aytishgan.

Rosaviatsiya ma’lumotiga ko‘ra, kuchishlatar tuzilmalar aeroportni namoyishchilardan faqat soat 22:20 ga kelib tozalashga muvaffaq bo‘lgan. Avvaliga aeroport faoliyati faqat 6 noyabrda tiklanishi aytilgandi, ammo dushanba kuni Rosaviatsiyadagilar u to‘laqonli ishga qaytgani va reyslarni qabul qilish hamda jo‘natish boshlanganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, «Azimut» va Red Wings aviakompaniyalarining Tel-Avivdan Mineralniye Vodi va Mahachqal’aga reyslari vaqtincha Rossiyaning boshqa shaharlariga yo‘naltirilishi ma’lum qilingan.