«Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, «O‘zsuvta’minot» AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 aprelgacha alohida yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi:

- hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari.

2024 yil 1 yanvardan:

- ichimlik suvi va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi;

- yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi obektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasini inobatga olish talabi o‘rnatiladi. 

Qarorga ko‘ra, 2024–2026 yillarda:

- ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan jami 813 ta mahalla ichimlik suv bilan ta’minlanadi;

- 124 693 ta xonadonga ichimlik suv tarmoqlari uy xo‘jaligigacha yetkaziladi;

- 130 ta aholi yashash punktlarida davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suv ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi;

- 792 090 nafar iste’molchilar ichimlik suv uchun hisoblagichlar bilan ta’minlanadi.

2024 yil 1 iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi.