Jamiyat | 16:28 / 27.06.2024
20294
2 daqiqa o‘qiladi

“Sirdaryo suv ta’minoti” AJning uch nafar xodimi chiqindi suvni haydaydigan quvurga tushib zaharlandi

Ishchilarning biri halok bo‘lgan, ikki nafari shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ularning ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.

Foto: Kommersant’

“Sirdaryo suv ta’minoti” AJning uch ishchisi chiqindi suvlarni shahardan tashqariga haydaydigan quvurni tozalash uchun tushib, zaharlangan. Kun.uz manbasining xabar berishicha, hodisa bugun, 2024 yil 27 iyun kuni tushga yaqin sodir bo‘lgan.

FVB xodimlari ikki nafar ishchini quvurdan chiqishgan va ular shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ularning ahvoli o‘ta og‘irligi aytilmoqda. Bir nafar ishchi halok bo‘lgan.

“O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodovning xabar berishicha, “Sirdaryo suv ta’minoti” AJning uch nafar xodimida noma’lum zaharlanish kuzatilgan va ulardan biri vafot etgan.

Ma’lum qilinishicha, soat 10:00 larda Guliston shahrida joylashgan 5-oqova suv haydash nasos stansiyasidan viloyat FVBga tezkor murojaat kelib tushgan. Unda mazkur obektda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar filialining 3 nafar xodimida noma’lum zaharlanish holati kuzatilgani va ahvoli og‘irlashgani aytilgan.

Qayd etilishicha, xodimlardan biri H.I. vafot etgan. Qolgan ikki nafar xodim Z.B. hamda X.A. viloyat kasalxonasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar ularning ahvoli o‘ta og‘irligini ma’lum qilgan.

“Holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid