HAMAS harakati nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar soni 50, yaralanganlar soni – 150 kishini tashkil etadi.

O‘z navbatida, Isroil armiyasi zarba oqibatida HAMASning yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri o‘ldirilgani va «terrorchilarning yerosti infratuzilmasi» vayron qilinganini bildirgan. TsAHAL bayonotida bu joyda qo‘mondon bilan birga «Markaziy Jabaliya» batalyonining yana o‘nlab jangarilari bo‘lgani aytilgan.

Bu vaqtda Isroil quruqlik kuchlari G‘azo sektori shimolida HAMAS guruhini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotining «ikkinchi bosqichi»ni davom ettirmoqda.

Reuters agentligi taqdim etgan fotosuratlarda lagerga katta zarar yetgani va odamlar xarobalar ostidan omon qolganlarni qidirayotgani aks etgan. Zarba oqibatida aholi tig‘iz yashagan hudud markazida bir qancha turar joy binolari ham vayron bo‘lgan.

AFP muxbiri ham Jabaliyadagi portlash hududida  bo‘lgan. Agentlik xabar berishicha, bu joyda tasvirga olingan videomateriallarda vayronalar ostidan olib chiqilgan 47 kishining jasadini ko‘rish mumkin (bu G‘azo rasmiylari tarqatgan ma’lumotga yaqin).

«[Bizning xodimlar] tinch aholi vakillari bo‘lgan 25 kishining jasadini topishdi... bu qo‘rqinchli», — degan BBC bilan suhbatda Falastin Qizil Xoch jamiyati rahbari Marvon Jilaniy.

Mahalliy aholi vakili Rageb Akal agentlik bilan suhbatda portlash kuchi «zilzilanikidek bo‘lgani»ni aytgan.

Isroil mudofaa armiyasi vakili Daniel Hagari Isroil qiruvchi samolyotlari G‘azodagi Jabaliya qochqinlar markaziga zarba berganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba oqibatida HAMAS «Markaziy Jabaliya» batalyoni komandiri Ibrohim Biariy halok bo‘lgan.

Hagarining aytishicha, bu «terrorchilar va terror infratuzilmasiga qarshi keng ko‘lamli zarba doirasida amalga oshirilgan».

Hagari zarba oqibatida Biariy bilan birga «ko‘p sonli terrorchilar» o‘ldirilgani, «terror yerosti infratuzilmasi» vayron qilinganini qo‘shimcha qilgan.

Isroil bayonotida tinch aholi vakillari G‘azo sektori shimolidan janubga ketish bo‘yicha chaqiriq takrorlangan.

Qurollar sohasi ekspertlaridan birining aytishicha, zarba joyida hosil bo‘lgan ulkan o‘ra Isroil armiyasi yer ostida chuqur joylashgan nishonlarga qarshi qo‘llaydigan bomba tushishi oqibati bo‘lishi mumkin.