Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasida davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar fonida G‘azo sektorini chet el fuqaroligiga ega 7 mingga yaqin kishi tark etish uchun navbatda turibdi. Bu haqda 2 noyabr, payshanba kuni Misr Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular orasida dunyoning 60 mamlakati fuqarolari, jumladan, ikki fuqarolikka ega falastinliklar ham bor. Fuqarolari G‘azo sektoridan chiqib ketishni kutayotgan barcha davlatlarning diplomatik vakillari Misr hukumati tomonidan logistika va zarur hujjatlar bo‘yicha maslahatlashish uchun Qohiraga taklif qilindi.
Ayni paytda, Misr Tashqi ishlar vazirligi xorijlik fuqarolarning G‘azo sektorini ushbu hududning Misr bilan chegarasida joylashgan Rafah chegara punkti orqali tark etishi mumkinligi to‘g‘risida kelishuv mavjudmi yoki yo‘qmi, hozircha xabar bermadi. Jo‘nab ketish qaysi vaqt oralig‘ida bo‘lishi ham aniqlashtirilmagan.
G‘azo sektoridan chet elliklarning ketishi haqida Falastin ma’lumotlari
Falastin tomoniga ko‘ra, 2 noyabr kuni 600 nafar xorijlik va ikki fuqarolikka ega falastinlik G‘azo sektoridan Misrga chiqib ketishi rejalashtirilgan. Aniqlik kiritilishicha, Rafah chegara punktida AQSh pasportiga ega 400 nafar fuqaro, shuningdek, Shveytsariya, Italiya, Gretsiya, Niderlandiya, Belgiya, Vengriya, Xorvatiya, Meksika, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar fuqarolari chiqishni kutmoqda. Falastin tomonining ro‘yxatida 2 noyabr kuni hududni tark etadigan Germaniya fuqarolari yo‘q.
Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 noyabr kuni G‘azo sektorini tark etish imkoniyati Qatar, Isroil, AQSh, Misr va G‘azo sektorida hokimiyat tepasida turgan HAMAS tashkiloti o‘rtasida ham kelishib olingan. «Bu alohida kelishuv bo‘lib, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarga aloqasi yo‘q», — deya o‘z manbasidan iqtibos keltiradi agentlik.
Xorijiy fuqarolarning G‘azo sektoridan chiqib ketishi
1 noyabr kuni Rafah o‘tish joyi 7 oktyabr kungi voqealardan keyin ilk bor xorijlik fuqarolar uchun ochildi. Misr Qizil Yarim Oy jamiyati bo‘limiga ko‘ra, shu kuni G‘azo sektorini tark etgan guruh 285 kishidan iborat bo‘ldi. O‘z navbatida, AFP agentligi Misr hukumati vakiliga tayanib, G‘azo sektoridan jami 76 nafar yaralangan fuqaro, shuningdek, 335 nafar xorijlik va ikki fuqarolikka ega falastinlik kelganiga aniqlik kiritdi.

















