Jahon | 13:00 / 02.11.2023
3590
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada qo‘lga olingan rossiyalik milliarder Kuzmichev garov evaziga ozod qilindi

«Alfa-Grupp» asoschilaridan biri «soliq firibgarligi»da gumon qilinmoqda. U 2022 yil martidan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida.

Foto: RIA Novosti

30 oktyabr kuni so‘roq uchun Fransiyada qo‘lga olingan «Alfa-Grupp» asoschisi Aleksey Kuzmichev sakkiz million yevrolik garov puli evaziga qo‘yib yuborildi. Bu haqda 1 noyabr, chorshanba kuni kechqurun Fransiyaning Le Monde gazetasi xabar berdi

Aleksey Kuzmichevga qarshi pul yuvish bo‘yicha tergov o‘tkazilmoqda

Nashrning Fransiya milliy moliya prokuraturasi (PNF) ma’lumotlariga tayanib ta’kidlashicha, rossiyalik milliarderning qo‘lga olinishi «soliq firibgarligi, pul yuvish va uyushgan jinoiy guruh faoliyatida ishtirok etish» bo‘yicha gumonlar tufayli yuz bergan.

Prokuror Aleksey Kuzmichevni hibsga olishni so‘ragan, ammo u garov to‘lash majburiyati bilan sud binosini tark etgan. Hozirda tadbirkor sud nazorati ostida va unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan. 

Shu bilan birga, moliya prokuraturasi rossiyalik tadbirkorning ishi bo‘yicha rasmiy tergov boshlanganini ma’lum qildi. Reuters ta’kidlashicha, Fransiyada bunday tergovning boshlanishi qo‘lga olingan shaxsga ayblov qo‘yilgani yoki tergov harakatlari sudgacha olib borilishi kerak, degani emas. Huquq-tartibot idoralari tergovni davom ettirish uchun yetarli asos bor, deb hisoblamoqda. Tergov harakatlari ishni sudga o‘tkazish yoki uning materiallarini arxivga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar bir necha yillar davom etishi mumkin, deya ta’kidlaydi agentlik. 

Moskva tadbirkorni himoya qilishga tayyor 

Avvalroq soliqqa oid firibgarlik ishi bo‘yicha tergov doirasida rossiyalik tadbirkorning Parijdagi uyi va Sen-Tropedagi villasida tintuvlar o‘tkazilgan edi. Kuzatuvchilar Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin deb hisoblagan Aleksey Kuzmichev qo‘lga olinganidan so‘ng, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov agar «ushlangan shaxs xohlasa», Moskva «Rossiya fuqarosi sifatida uning huquqlarini himoya qilishda yordam berishini» aytdi. 

2022 yil mart oyidan beri Kuzmichev Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar ostida. Ushbu sanksiyalar munosabati bilan Fransiya rasmiylari uning ikkita yaxtasini musodara qildi. O‘z navbatida, tadbirkor fransuz bojxonachilariga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi va 2022 yil oxirida ikkala yaxtaning xatlovga olinishi bekor qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid