ATALANTA — INTeR (4 noyabr, 22:00)

Bir qator qiziqarli statistik faktlar ushbu uchrashuvga alohida e’tibor qaratishni taqozo qiladi, zero ushbu mavsumda odatiy tus olgan ba’zi seriyalarga aynan mana shu o‘yin barham berishi mumkin. Masalan, bergamoliklar chempionatda hali uy uchrashuvlarida birorta ham gol o‘tkazib yuborgani yo‘q, «Inter» esa safarda yuz foizlik natija qayd etmoqda va 10 gol urib, biror marta ham o‘tkazib yubormagan. Umuman butun kuchli beshlikda «Inter» faqat «Nitssa»dan kamroq gol o‘tkazgan xolos – 5 marta.

«Atalanta» maydonida o‘tgan o‘zaro uchrashuvlarda esa, oxirgi to‘rt uchrashuvdan beri mezbonlar g‘alaba qozona olmayapti. Umumiy statistikada ham «Inter» oldinda: oxirgi 25 uchrashuvda 10 marta milanliklar, besh marta «Atalanta» ustun kelgan. O‘tgan mavsumda esa, har ikki o‘yin bir xil 3:2 hisobida «Inter»ning g‘alabasi bilan yakunlangandi.

Mezbonlar uchun ushbu uchrashuvning ahamiyati shundaki, Gasperini shogirdlari oxirgi turlardagi muvaffaqiyatli natijalardan so‘ng ochkolar sonini 19 taga yetkazib, 4-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Bu o‘yindagi g‘alaba jamoani peshqadamlar uchligiga ancha yaqinlashtirib qo‘yadi. Aksincha, mag‘lubiyat uchlik bilan o‘rtadagi uch ochkolik farqni yanada oshirib, orqada kelayotgan ta’qibchilarga qo‘shilib ketishga sabab bo‘lishi mumkin. A Seriyadagi uch uy uchrashuvi ketma ket «Inter», «Napoli» va «Milan» bilan ekani qaysidir ma’noda yaxshi imkoniyat, boshqa tomondan biroz omadsizlik ham. Jamoa bu vaziyatdan qanday foydalana olishiga ko‘p narsa bog‘liq.

Jarohatlarga kelsak, «Atalanta» safida deyarli yo‘qotish yo‘q, faqat himoya markazida Skalvinining yo‘qligi sezilishi mumkin. 19 yoshli himoyachi o‘tgan mavsumdan buyon jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylangandi. «Empoli»ga qarshi o‘tgan turdagi jarohat shu oyning oxirigacha tiklanmasa kerak. «Inter» esa Arnautovich va Kuardadoning yordamidan foydalana olmaydi. Bu futbolchilar shundog‘am yozda tarkibga yangi qo‘shilganini inobatga olsak, yo‘qotishlar yo‘q desa ham bo‘ladi.

NYuKASL — ARSeNAL (4 noyabr, 22:30)

Tarixan olganda ham, «Nyukasl» va «Arsenal» to‘qnashuvi APL klassikalaridan biri. «Nyukasl»ning o‘sha mashhur, 0:4 ni 4:4 ga aylantirgan kambekini aytamizmi, Uolkott benefisiga aylangan 7:3 nimi, doim chempionatning bezagi bo‘lib bergan. Hatto turnir tarixidagi eng chiroyli gollardan biri bo‘lmish Bergkampning shedevri ham aynan «Nyukasl» darvozasiga kiritilgandi. Yaqinda, aniqrog‘i, ikki yil oldin, «Arsenal» ajoyib mavsum o‘tkazib, uzoq tanaffusdan so‘ng, YeChLga qaytishga juda yaqin turganida ham, aynan «Nyukasl» Arteta shogirdlarini chalib qolgan, 2:0 hisobi «Tottenhem»ga imkoniyat eshiklarini ochib bergandi.