“1994 yil Fransua Mitterandan keyin biron bir Fransiya prezidenti O‘zbekistonga kelmagan edi, biz buni albatta to‘g‘rilaymiz”. Emmanuel Makronning Samarqandda aytgan bu so‘zlari va ikki davlat strategik sherik bo‘lishga kelishib olgani – Toshkent va Parij munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishidan darak beryapti.

Kun.uz muxbiri Makronning tashrifi yuzasidan Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi Fazliddin Jamolov bilan suhbatlashdi.

— Dastlab, O‘zbekiston va Fransiya aloqalari tarixiga to‘xtalib o‘tsak.

— Bugun O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari jadal rivojlanyapti. Shu paytgacha bo‘lgan munosabatlar bir nechta bosqichdan iborat bo‘lgan. Birinchi bosqich – 1992 yildan 2016 yilgacha, ikkinchisi – 2016 yildan bugungacha bo‘lgan davr.

Birinchi prezidentimiz Islom Karimov 1993 va 1996 yillarda Fransiyaga tashrif buyurgan edi. Diplomatik aloqalar 1992 yil mart oyida o‘rnatilgan, o‘sha yilning yanvar oyida Fransiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan. O‘sha paytdagi Fransiya prezidenti Fransua Mitteran 1994 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan bo‘lsa, 1995 yilda Fransiyada O‘zbekiston elchixonasi ochilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Fransiya davlat arboblari Florensiyadagi Yevropa davlatlari sammitida, 2002 yili NATO sammitida uchrashishgan. 2013 va 2017 yillarda tashqi ishlar vazirlari doirasida uchrashuvlar bo‘ldi. Oliy darajadagi tashriflar kam edi. Mana, oradan 29 yil o‘tibgina, Fransiya prezidenti yana O‘zbekistonga keldi.

Tashrif uchun Samarqand tanlanishi bejizga emas. Samarqand – YuNeSKO doirasidagi obro‘li shahar, bu tashkilotning qarorgohi Parijda joylashgan. Ikkinchi sabab esa madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanganidan. O‘tgan yili prezidentimizning Fransiyaga tashrifi ham Luvrdan boshlangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018, 2022 yillarda Fransiyaga tashrif buyurgan. Prezidentimiz YeI davlatlari ichida birinchi bo‘lib Fransiyaga borgan edi. 2017 yildan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatida katta o‘zgarishlar bo‘lgani barchamizga ma’lum.

— Fransiya va O‘zbekiston bir-biri uchun qanchalik muhim va manfaatlari nimada?

— O‘tgan yili G‘arbiy Afrikada Fransiya bilan hamkorlikka qarshi noroziliklar bo‘lib o‘tgan edi. Shuning uchun ham Fransiya Markaziy Osiyodan O‘zbekistonga qiziqish bildiryapti. Qozog‘iston va Niger – Fransiyaga uran yetkazib beruvchi asosiy davlatlardir. Emmanuel Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifining asosiy sabablaridan biri – uran. Qozog‘istonda uran zaxirasi qariyb 22 mln tonna, bizda esa 3,2 mln tonnaga yaqin.