Jahon | 10:34 / 04.11.2023
4374
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropada «Kiaran» dovuli qurbonlari soni 13 nafarga yetdi

Italiya va Fransiya noqulay ob-havodan eng ko‘p zarar ko‘rdi. Belgiya, Niderlandiya va Ispaniyada ham o‘lim holatlari kuzatildi. 

Foto: AP

2 noyabrga o‘tar kechasi Atlantika okeani ustida vujudga kelgan va 3 noyabr, juma kuni G‘arbiy Yevropa davlatlariga yopirilgan «Kiaran» dovuli kamida 13 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Ayniqsa, Fransiya va Italiyada kuchli vayronagarchilik yuz berdi. Tabiiy ofat oqibatida uch kishi halok bo‘lgan Italiyaning Toskana provinsiyasida favqulodda holat e’lon qilindi. Bir necha soat ichida mintaqada yog‘ingarchilik darajasi 20 santimetrga yetdi - bu tegishli o‘lchovlar boshlanganidan beri maksimal ko‘rsatkich. Daryolar qirg‘oqlaridan oshib, yaqin atrofdagi aholi punktlarini suv bosdi. 

Florensiya, Piza va Prato chekkalarida o‘t o‘chirish xizmati suv bosgan tunnellarda qolib ketgan yoki qulagan daraxtlar tomonidan to‘sib qo‘yilgan avtomobilchilarni qutqarish uchun o‘nlab operatsiyalarni amalga oshirdi. 

Toskana rahbari Eugenio Jiani iqlim o‘zgarishi oqibatlarini falokat sababi deb bilishini ma’lum qildi. Florensiya meri Dario Nardelle ham vaziyatni keskin deb atadi. Venetsiyada ikki kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingan. 

Fransiyada «Kiaran» dovuli oqibatlari 

Fransiyada dovul oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, 47 kishi jarohatlandi. 3 noyabr kuni ertalab mamlakatda yarim milliondan ortiq uy elektr ta’minotisiz qolgan, ularning yarmi - Bretanida. Ushbu provinsiyada 2 noyabrga o‘tar kechasi shamolning tezligi soatiga 200 kmga yetdi. 

Parij yaqinida ob-havo sharoiti tufayli shaharlararo poyezdlar harakati to‘xtatildi. Mamlakat rasmiylari yaqin orada Fransiyaning Atlantika okeani sohillariga yana bir kuchli dovul yopirilishini kutmoqda.

G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlarida ham yomon ob-havo tufayli insonlar qurbon bo‘ldi. Xususan, Belgiyaning Gent shahrida ko‘chada o‘ynab yurgan besh yoshli ukrainalik bola ustiga daraxt tushib ketgan. Xuddi shu shaharda 64 yoshli Germaniya fuqarosi qulagan daraxt ostida vafot etdi. Niderlandiyaning Venray shahrida ham kamida bir kishi halok bo‘lgani xabar qilingan. Germaniyaning Goslar shahrida 46 yoshli ayol ham ustiga qulagan daraxt tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Ispaniya rasmiylari 3 noyabr kuni Basklar o‘lkasi va Galisiyada eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qildi. Madrid markazida 23 yoshli qiz ustiga daraxt qulashi oqibatida vafot etdi. 

Mavzuga oid