Isroil G‘azoni bombardimon qilishda davom etarkan, 31 oktyabr kuni Yamandagi husiylar harakati Isroilga qarshi urush e’lon qildi. Eron tomonidan dastaklanishi aytiladigan harakat uchirgan raketalar Isroil mudofaa kuchlari tomonidan Qizil dengiz osmonida urib tushirilgani aytildi.

Saudiya Arabistoni Yamandan Isroilga qarata uchirilayotgan raketalarni to‘xtatish uchun o‘z hududida AQShning qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini joylashtiradi.

Kun.uz Yaqin Sharqdagi yana bir notinchlik o‘chog‘i bo‘lmish Yamandagi vaziyat haqida so‘z yuritish uchun “Geosiyosat” rukniga siyosiy fanlar nomzodi, siyosiy tahlilchi Ulug‘bek Hasanovni taklif etdi.

— Yamanda asosan qaysi kuchlar o‘zaro ziddiyatda?

— 1963 yilda Yamanda monarxiya parchalangach, mustaqil davlatga asos solish jarayonida mamlakat shimoliy va janubiy qismga bo‘linadi. Janubiy Yaman sotsializmga moyil siyosat olib borishga harakat qiladi va shunday davlatlar bilan hamkorlik olib boradi. Shimoliy Yaman esa arab davlatlari, xususan, Saudiyaga yaqinlashadi. Bu bo‘linish 1989 yilgacha davom etadi va 1990 yilda yagona Yaman demokratik respublikasi paydo bo‘ladi. Lekin qarama-qarshiliklar to‘xtamaydi. 1994 yilda mojaro qayta jonlanib, yana ikkiga ajralish ehtimoli paydo bo‘ladi.

Yaman bizga yaxlit davlat bo‘lib ko‘rinsa-da, unday emas. 22 ta viloyat bo‘lsa, shularning aksariyati turli siyosiy kuchlar ta’sirida bo‘lingan. Yamanning 68-70 foiz aholisi sunniylar, 30 foizi esa shialar. Shimoli-sharqda shialar bo‘lsa, boshqa qismlarida sunniylar. Shialar son jihatdan kam bo‘lsa ham, siyosiy maydonda katta nufuzga va kuchga ega.

2011 yildagi “Arab bahori”dan keyin siyosiy inqiroz kuchayib, Yaman hukumati Saudiyadan yordam so‘raydi, 9 ta arab davlati koalitsiya tuzgan holda siyosiy va harbiy yordam ko‘rsatsa-da, haligacha bu inqiroz davom etyapti, fuqarolar urushi bor. Zayditlar (shialar) va Isloh partiyasi katta siyosiy to‘qnashuvda.

— Saudiya Arabistoni oktyabr oyi oxirida husiylar bilan sulhni bekor qildi. Bu HAMAS-Isroil inqiroziga qanchalik bog‘liq?

— Bog‘liqligi yo‘q. Saudiya Arabistonining Yaman bilan chegaradagi Jazan viloyatida doimiy to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. 1 oktyabr kuni shunday to‘qnashuvlardan birida Saudiyadan 4 nafar harbiy qurbon bo‘ldi. Vaziyatni jiddiy qabul qilgan Saudiya muhokamalardan so‘ng 31 oktyabrda husiylar bilan sulhni bekor qildi. Ikki taraf urush holatida hozir.