2 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Samarqandga keldi. Unga kattagina delegatsiya hamrohlik qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Makron uchrashuvida ikki mamlakat munosabatlarini keyingi bosqichga olib chiqish borasida ko‘plab qadamlar tashlandi, delegatsiyalar sakkizta kelishuv imzoladi. Jumladan, O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushirildi va Business France agentligi ofisini ochish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonva Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar juda salmoqli. O‘zbekistonning Fransiya bilan munosabatlari har doim Yevropaning boshqa davlatlariga nisbatan yuqoriroq bo‘lgan. Misol uchun, 2016 yilda O‘zbekistonda prezident o‘zgargandan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi davlatlariga birinchi tashrifini aynan Fransiyadan boshlagan edi. 2018 yilning 8-9 oktyabr kunlari Emmanuel Makronning taklifiga ko‘ra Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiya Parijda bo‘lgan, ikki taraflama o‘n hujjat imzolangan edi. Xo‘sh, Fransiya O‘zbekiston uchun nimasi bilan ahamiyatli? Nega bu davlat bilan o‘zaro aloqalar muhim?
Fransiya «Katta yettilik»ka kiruvchi davlat, uning dunyo siyosati, geosiyosati va iqtisodiyotidagi ulushi juda salmoqli. Fransiyaning yalpi ichki mahsulot hajmi taxminan 3,7 trillion dollar bilan dunyoda birinchi o‘nlikka kiradi. BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosidan biri.
Kollektiv g‘arb hech qachon bir tarkibli va bir qarashli bo‘lmagan. Fransiya «kollektiv g‘arb»dagi bir necha fraksiyalardan «kontinental Yevropa» fraksiyasi lideri. Fransiyada «gollizm» geosiyosiy qarashi tarafdorlari har doim kuchli. Gollizmga ko‘ra, Fransiya anglosaksonlar fraksiyasidan, eng avvalo, AQShdan ma’lum masofa saqlashi va geosiyosiy mustaqil bo‘lishi kerak degan doktrina mavjud. Shuning uchun ham Yevropa Ittifoqi bilan ishonchli munosabatlar shakllantirish uchun eng avvalo Fransiya bilan ijobiy aloqalar yuqori bo‘lishi nazarda tutiladi.
Fransiya ayni paytda g‘oyalar, qadriyatlar, sivilizatsiyalar o‘zaro to‘qnashadigan, munosabat va muvozanatga kirishadigan katta «o‘choq»ni eslatadi. Bir tomondan liberal, demokratik qadriyatlar va g‘oyalar, boshqa tomondan diniy, etnik, milliy qarash va qadriyatlar ham fransuz jamiyatida juda kuchli. G‘arb davlatlari ichida aynan Fransiyada eng katta musulmon va yahudiy jamoalari yashaydi. Agar Fransiya aholisi 67 milliondan oshsa, undan kamida 7 millioni – musulmonlardir.
Oddiy odamlar nigohida Fransiya musulmonlar uchun noqulay davlat bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin aslida vaziyat ancha murakkab. Fransiyada diniy erkinliklar ta’minlangan, davlat – huquqiy o‘zandan chiqib ketmaydi, sud hokimiyati mustaqil va ayni paytda, jamiyatning ma’lum qatlamlarida islom va musulmonlarga salbiy qarash ham yo‘q emas.
















