Jahon | 11:38 / 06.11.2023
37462
2 daqiqa o‘qiladi

«Jasur falastinlik qiz» sifatida tanilgan Ahid Tamimiy Isroil harbiylari tomonidan qo‘lga olindi

«Jasur falastinlik qiz» sifatida tanilgan Ahid Tamimiy 2017 yilda Isroil harbiylari tomonidan hibsga olingan va 8 oy qamoqda o‘tirgan.

Foto: Anadolu Agency

Isroil askarlari ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohildagi Ramallohda «jasur falastinlik qiz» Ahid Tamimiyni qo‘lga oldi.

Qizning onasi Nariman Tamimiyning «Anadolu» nashriga aytishicha, isroillik kuchlar Nabi Solih hududidagi uylariga reyd uyushtirgan paytda qizini qo‘lga olgan.

Bundan tashqari, ayolning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiylari ularning telefonlarini musodara qilgan.

23 yoshli qizning otasi ham bir necha kun oldin Isroil harbiylari tomonidan qo‘lga olingan edi.

«Jasur falastinlik qiz» sifatida tanilgan Ahid Tamimiy 2017 yilda Isroil kuchlari tomonidan hibsga olingan va 8 oy qamoqda o‘tirgan edi.

Qiz Isroil askarlari tomonidan uch marta yaralangan va jasorati uchun «Hanzala» mukofotini olgan.

Ahid Tamimiyning «Anadolu» tomonidan olingan suratlari butun dunyo bo‘ylab ommalashgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ozodlikka chiqqanidan keyin «jasur falastinlik qiz» bilan telefon orqali suhbatlashgan va uni Falastin xalqi tomonidagi qat’iy kurashi uchun tabriklagan.

Mavzuga oid