Anneksiya qilingan Qrimning Moskva tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov 4 noyabr kuni havo hujumidan mudofaa kuchlari Kerch hududida bir necha raketani urib tushirganini ma’lum qildi. Uning telegramdagi postida «urib tushirilgan raketa parchalari quruqlikdagi kemalar turuvchi doklardan biriga tushgani» aytilgan, lekin shikastlanishlar haqida ma’lumot berilmagandi.
Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda zavod yo‘nalishida harakatlanayotgan raketa va kuchli yong‘in aks etgan video tarqala boshladi.
5 noyabrga o‘tar kechasi RF mudofaa vazirligi zavod tomon 15 ta raketa uchirilgani, shundan 13 tasi urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ukrainadagi ayrim manbalar esa raketalar soni ancha kamroq bo‘lganini xabar qilishgan. Ukrainalik harbiy reportyorlar Yuriy Butusov va Andrey Tsapliyenkoga ko‘ra, ikki raketa urib tushirilgan, yana ikkitasi esa nishonga borib tekkan.
«Qanotli raketa tegishi oqibatida raqibning zavod hududida turgan kemasi shikastlandi», — deya iqtibos keltirilgan «Interfaks» xabarida.
Aynan qanday kemaga zarba berilganiga aniqlik keltirilmagan.
Ukraina tomoni nimalar demoqda?
Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk «Zaliv» zavodiga zarba Ukrainaning taktik aviatsiyasi tomonidan yo‘llanganini tasdiqladi.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu vaqtda zavod hududida «RF Qora dengiz flotining „Kalibr“ qanotli raketalari tashuvchisi sanalgan eng zamonaviy kemalaridan biri bo‘lgan».
Oleshchuk Ukraina qurolli kuchlari zarba berish uchun SCALP (britanlarning Storm Shadow raketasining fransuzcha varianti) raketalaridan foydalanganiga ishora qilgan, u ukrain harbiy samolyotlaridan uchiriladi.
«Barakalla, SCALRini oldik!» — deya yozgan Oleshchuk o‘z telegramida.
«Umid qilamanki, yana bir suzish vositasi „Moskva“ ortidan yo‘l oladi», — deya yozgan u — va ukrain harbiylari zarbaning «tasdiqlangan rasmiy natijalarini kutayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.



















