Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Mo‘yi muborak qabristonida go‘rkov Akromjon o‘g‘li Asilbek bilan qabr qaziydi. 90 yoshli Abduqayum ota ularning ustozi. Usta go‘rkov bilagidan kuchi ketib ishga yaramay qolgan. Lekin u tez-tez qabristonga kelib, indamaslar olamini ziyorat qilib ketadi.

Abduqayum ota kuchdan qolguncha qabr qazidi. Bir nechta qishloqdoshlariga kasbini o‘rgatdi.

“Urush davrida ko‘plar armiyaga chaqirilib, erkaklar qolmagan payt. Bitta brigadada bitta erkak bo‘lardi, kimdir vafot etsa, o‘sha odam bizga o‘xshagan yosh bolalarni chaqirib, qabr qazitardi.

Birinchi marta 14 yoshimda qabrga kirdim. O‘shanda qo‘rqqanman rosti, keyinchalik o‘rganib ketdim. Ichini kovlayotganda tuproq bosib qoladimi deb hayajonlanganman ham. Keyinchalik qabristonni menga topshirishgan, «sen qaraysan» deb. Shu yerda daraxtlar ekib, bog‘ qildim.

Qabr kovlash qiyin ish aslida. Aql bilan ish qilib, qo‘rqmasdan, kuch bilan qilinadi. Hayajonlanmaslik kerak, bo‘lmasa, qo‘rquv bosib kelaveradi. Qabrni tavakkal kovlab qo‘yaveramiz, kimga nasib etsa, o‘sha odam keladi, Ba’zi odamlarning qabrini kovlayotganda tuproq qattiq bo‘ladi, ba’zilari yengil kovlanadi. Yeri yaxshi bo‘lsa, 4-5 soatda ish bitadi, bo‘lmasa ko‘proq vaqt ketadi. Qabrning yeri o‘sha odamning amaliga qarab har xil bo‘ladi.

4 shogirdim bor. Shulardan Akromjon shogirdim bilan o‘g‘li men bilan qolib, qo‘limdan olgan ishlarni. O‘zim ham ishlagim keladi hozir, lekin quvvat yo‘q-da.

Kimningdir qabri yeri qattiq chiqsa, ichimizda saqlab qo‘yamiz, odamlarga aytmaymiz. Chunki gap ko‘payib, har xil fikrlar urchib ketadi. O‘zi go‘rkovlik eng savobli kasblardan. Bergan pulini olamiz, talashmaymiz. Savobi nomamizga. Qabristonni obod qilish uchun ancha mehnat qilganmiz, daraxtlar ekkanmiz, sug‘organmiz.

Mayit qabrga qo‘yilib, ustidan tuproq tortilib, oxirgi odam yetti qadam uzoqlashgach, savol-javob boshlanadi. Qabrdagi tavbalar o‘tmaydi.

Kimdir o‘tib qolsa, bizga kelib aytishadi. Yoshini so‘rab olamiz-da, shunga qarab kovlayveramiz. Mayit kelgach, qabrga qo‘yishda yaqinlari qo‘rqmasa, o‘zlari qo‘yadi, bo‘lmasa biz qo‘yamiz. Qabrda oyoq tomon 10 santimetrcha pastroq qilinadi, tanadagi suv oyoq tomondan chiqib ketishi kerak.