Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning pessimistik intervyusi ukrainlarni sergaklantirdi; Brigada rahbarlari ahmoqligi tufayli o‘nlab askarlar «Iskander» nishoniga aylandi; Hafta ichida ukrainlar Rossiyaning eng yangi raketa katerini vayron qilishga muvaffaq bo‘lishdi; Ukraina qurolli kuchlariga nemislarning Taurus raketalari hozircha berilmaydi, biroq ukrainlar o‘z dronlarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirmoqda.

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Rossiya Avdiyivka atrofida, Ukraina esa Dnipro bo‘ylab siljimoqda

Frontda kichik bo‘lsa ham o‘zgarishlar bor. Dinamika turli tomonlarga qaratilgan: Rossiya qo‘shinlari Avdiyivka ostonasida o‘z holatini ancha yaxshilab olgan, Kupyansk va Velika Novosilka hududida biroz oldinga siljishgan bo‘lsa, ukrainlar sekin-asta Olishkidan shimolroqda, Dniproning so‘l qirg‘og‘i bo‘ylab, shuningdek, Baxmutning janubidagi Klishchiyivkada olg‘a harakatlanishni boshlashgan. Bu holatda ilgarilash yuzlab metrlarda o‘lchanmoqda.

Donetsk frontida Avdiyivka shahrida Ukrainaning ishlari pachava. Rossiya qo‘shinlari shimoldan biroz ilgarilagan. Biroq, asosiysi, 1–2 noyabr kunlari ular janubda yarim kilometr olg‘a bosishgan va keng front bo‘ylab muhim Severne qishlog‘igacha yaqinlashishgan. Bu qishloq orqali Avdiyivkadan shaharning g‘arbiy qismidagi «Ximik» mikrorayoniga yo‘l o‘tadi.

Agar rossiyaliklar qurilgan inshootlar qismiga kira olsa, shaharni maksimum bir oy ichida egallashadi, hattoki Ukraina QK asosiy ta’minot yo‘lini saqlab qolgan taqdirda ham. Avdiyivka shimoldan janubga tomon cho‘zilgan shaharcha, biroq uning markaziy qismi 2-3 kilometr chiqadi, RF QKning «Ximik»ga kirishi, ya’ni mudofaadagilarning ortidan hujum qilishi shaharning janubiy yarmi mudofaasini befoyda ishga aylantiradi. Avdiyivka shahar harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabash 6 noyabr kuniyoq shahar shimolidagi yirik mudofaa hududining ehtimolli yo‘qotilishini muhokama qilishga tayyor edi va buni shunday ifodalagan: «Avdiyivka koks kimyo kombinatining egallanishi okkupantlarga hech narsa bermaydi».

Ammo Dnipro frontida vaziyat Ukraina QK uchun omadli tus olmoqda. RF QKning bosimi va og‘ir o‘t ochish tizimlaridan muntazam o‘q yog‘dirilishiga qaramasdan, ular sohiloldi kesmasida egallangan platsdarmlarni o‘zida saqlab turibdi. Boz ustiga, Rossiya manbalari Ukraina QK askarlari yirik Kozachi Lageri qishlog‘iga kirib kelgani va Rossiya qo‘shinlari u yerni jangsiz tark etganini yozishmoqda. To‘g‘ri, hozircha bu axborot na ukrain, na rus telegram-kanallari tomonidan tasdiqlangan.