Jahon | 10:08 / 07.11.2023
8530
3 daqiqa o‘qiladi

JAR G‘azoga hujumlar tufayli Isroildan diplomatlarini chaqirib olyapti

Pretoriya G‘azo sektorida tinch aholi qurbon bo‘layotganidan xavotir bildirdi. Isroil jamoaviy jazolash bilan shug‘ullanyapti, deya ma’lum qildi JAR Tashqi ishlar vazirligi rahbari. Avvalroq Turkiya va Lotin Amerikasi davlatlari Isroildan o‘z elchilarini chaqirib olgan edi.

Foto: TsAXAL

Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti fonida JAR hukumati o‘z diplomatlarini bu mamlakatdan chaqirib olmoqchi. «Biz... Falastin hududlarida bolalar va begunoh tinch aholining o‘ldirilishi davom etayotganidan nihoyatda xavotirdamiz. Isroilning javobi jamoaviy jazo bo‘lyapti», dedi 6 noyabr, dushanba kuni Pretoriyada JAR tashqi ishlar vaziri Naledi Pandor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, diplomatlarni chaqirib olish qaysidir mamlakatga katta zarar yetkazilgan vaziyatda «odatiy amaliyot» va bu katta tashvish uyg‘otadi. Pandorning so‘zlariga ko‘ra, JAR rasmiylari Isroil bilan uzoq muddatda diplomatik munosabatlarni saqlab qolish imkoniyatini muhokama qiladi.

Turkiya va Lotin Amerikasining bir qancha davlatlari Isroildan elchilarini chaqirib oldi 

Avvalroq Turkiya rasmiylari ham xuddi shunday qadam haqida e’lon qilgan edi. Anqara Turkiya Isroildan elchisini «maslahatlashuvlar» uchun chaqirib oladi, biroq Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzish niyatida emas, deb xabar berdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an matbuot xizmati 4 noyabr kuni. Isroilning HAMAS guruhiga qarshi davom etayotgan harbiy amaliyoti fonida Erdo‘g‘an Anqaraning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan keyingi aloqani davom ettirish niyatida emasligini ham ma’lum qildi. «Netanyaxu endi biz gaplashadigan odam emas. Biz uni o‘chirib tashladik», dedi u. 

Bundan tashqari, bir necha kun oldin Iordaniya va Lotin Amerikasining bir qator davlatlari - Boliviya, Chili, Kolumbiya va Honduras Isroildan o‘z elchilarini «maslahatlashuvlar uchun» chaqirib oldi. Ayni paytda, Boliviya hukumati Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid