Jahon | 12:02 / 07.11.2023
6155
3 daqiqa o‘qiladi

Moldovada saylovlar: yevropaparast partiya o‘z pozitsiyasini mustahkamladi

Moldovadagi mintaqaviy saylovlarda hukmron «Harakat va birdamlik» partiyasi 32 okrugdan 19 tasida g‘alaba qozondi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilgi saylovlarga qaraganda sakkiz baravar yaxshi.

Foto: Elena Covalenco/DW

Moldovada hukmron yevropaparast «Harakat va birdamlik» partiyasi mintaqaviy saylovlarda 32 okrugning 19 tasida g‘alaba qozondi. Bu haqda 6 noyabr, dushanba kuni Markaziy saylov komissiyasi saytida e’lon qilingan ovoz berishning dastlabki natijalarida aytilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda bo‘lib o‘tgan avvalgi saylovlarga qaraganda sakkiz barobar yaxshiroqdir

Saylovchilar ishtiroki, MSK raisi Anjyelika Karaman matbuot anjumanida ma’lum qilganidek, 41,4 foizni yoki 1,147 milliondan ortiq fuqarolarni tashkil etdi. 2019 yilgi mahalliy saylovlarda saylovchilarning 41,7 foizi ovoz berishda qatnashgan. Mamlakatning sakkizta aholi punktida saylovchilar 25 foizdan kam ishtirok etdi va u yerda «saylov ro‘yxatlaridagi bir xil ma’lumotlar asosida, bir xil nomzodlar, bir xil kengashlar va saylov byurolari bilan» takroriy ovoz berish o‘tkaziladi», deya aniqlik kiritdi Karaman.

Ayni paytda, «Harakat va birdamlik» hech qaysi hududda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lmaydi. Mamlakat shimoli an’anaga ko‘ra rossiyaparast Sotsialistlar partiyasi tomonida bo‘lib kelgan, biroq so‘nggi mintaqaviy saylovlardan beri u beshta tumanni boy berdi.

Yana bir rossiyaparast partiya – «Imkon» - «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» ovoz berishdan ikki kun oldin saylovdan chetlashtirildi. Moldova razvedkasi «Imkon» tashqaridan, shu jumladan Rossiyadan pul olgan bir nechta sxemalarni aniqlaganini e’lon qildi.

Moldova bosh vaziri yana Rossiya haqida gapirdi

«Bizning tashqi dushmanimiz bor - Rossiya Federatsiyasi - u transchegaraviy jinoiy tarmoq orqali ulkan o‘tkazmalar yordamida Moldova Respublikasini yo‘q qilishni xohlayapti», deya ma’lum qildi mamlakat bosh vaziri Dorin Rechan.

Mintaqaviy saylovlar natijalariga ko‘ra, 2019 yilgacha poytaxt kengashidagi sotsialistik fraksiya raisi lavozimida ishlab kelgan Ion Chaban Kishinev meri lavozimida qoladi. U 50,62 foiz ovoz oldi va shu tariqa birinchi turda g‘alaba qozondi. «Harakat va birdamlik» Chabanni Moskvaning potensial ittifoqchisi deb biladi. 

Joriy mintaqaviy saylovlar Moldovada 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlaridan oldingi oxirgi milliy saylovlar bo‘ldi. So‘nggi yillarda Moldova Rossiya ta’siridan xalos bo‘lishga, yevropaparast yo‘l tutishga va Yevropa Ittifoqiga kirishga intilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid